Kiyev 2024 yilda 37 mlrd dollarlik moliyaviy yordamga muhtoj
Bosh vazir Ukrainaning tashqi moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojini 37 milliard dollarga baholadi, bu 2023 yilda jalb etilgan mablag‘dan kamroq.
Ukrainaning 2024 yilda tashqi moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoji 37 milliard dollardan (34 milliard yevro) oshadi, dedi bosh vazir Denis Shmixal 3 yanvar, chorshanba kuni hukumat yig‘ilishida.
«Biz hamkorlarimizning ritmik, barqaror va o‘z vaqtida yordam berishiga umid qilamiz», — dedi bosh vazir. Unga ko‘ra, 2023 yilda Ukraina 42,6 milliard dollar tashqi moliyalashtirishni jalb qilgan. Ushbu mablag‘larning 27 foizi grant mablag‘lari hisobidan olingan. Shmixalning qayd etishicha, mamlakatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yetakchilar Yevropa Ittifoqi, AQSh, XVJ, Yaponiya, Kanada, Buyuk Britaniya va Jahon banki bo‘ldi.
Bosh vazirning aytishicha, Ukraina o‘z budjeti daromadlarini, birinchi navbatda, bojxona va soliq tushumlarini oshirmoqda. Bu ko‘rsatkich 1,1 trillion grivnadan (26 milliard yevro) ortdi. «Biz bu mablag‘larning barchasini xavfsizlik va mudofaaga yo‘naltirmoqdamiz. Bu yil harbiy xizmatchilarga to‘lovlar uchun 750 milliard grivnadan ko‘proq mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqdamiz. 265 milliard grivnadan ortiq mablag‘ qurol sotib olish, ishlab chiqarish va ta’mirlashga sarflanadi», - dedi Shmixal.
Kiyev g‘arb yordamisiz ish haqi to‘lanmasligi xavfi haqida ogohlantirdi
Dekabr oyi oxirida Ukraina 2024 yil boshida davlat budjetini to‘ldirishning «juda yuqori noaniqligi» tufayli xalqaro moliyaviy donorlar bilan shoshilinch uchrashuv o‘tkazishga intilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal donorlarni muvofiqlashtirish guruhiga yo‘llagan maktubida asosiy budjet ehtiyojlarini qoplash uchun yanvar oyida moliyaviy resurslar olish zarurligini ta’kidlagan.
Shmixal donorlarni 2024 yilda uzoq muddatli vazifalar - urushdan keyingi tiklanish va mamlakat iqtisodiyoti uchun resurslarni muvofiqlashtirishga emas, balki Ukrainaga zudlik bilan yordam ko‘rsatish - hukumat ishini qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchilar, davlat xizmatchilari va pensionerlarga to‘lovlar uchun mablag‘ ajratishga e’tibor qaratishga chaqirdi. Ukraina bosh vaziri, shuningdek, yanvar oyida donorlar uchrashuvini tashkil etishga chaqirdi. «Ijtimoiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun biz martgacha kuta olmaymiz», deyiladi maktubda.
Ukrainaga g‘arb davlatlaridan tashqi moliyaviy yordam ko‘rsatilmasligi 500 ming davlat xizmatchisi va 1,4 million o‘qituvchining maoshlari, shuningdek, 10 million pensionerga beriladigan to‘lovlar kechiktirilishiga olib kelishi mumkin, deya ogohlantirdi mamlakat iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko.
Mavzuga oid
14:04 / 06.11.2024
Kiyev KXDRning Rossiyaga harbiy yordamiga qat’iy javobni talab qilmoqda
14:40 / 30.10.2024
Kiyev va Seul KXDRga qarshi turish uchun aloqalarni faollashtirmoqda
08:40 / 30.10.2024
FT: RF va Kiyev energoobektlarga hujumlarni to‘xtatishni muhokama qilmoqda
10:50 / 26.10.2024