Jahon | 14:35 / 05.01.2024
5523
3 daqiqa o‘qiladi

NATO va Ukraina havo hujumidan mudofaa masalasini muhokama qilmoqchi

Rossiyaning Ukrainaga bir qator ommaviy hujumlaridan so‘ng, NATO davlatlari Kiyev bilan mamlakat havo mudofaasi masalalarini muhokama qiladi. Kengash yig‘ilishi kelasi chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Foto: AP

Dekabr oxiri va yanvar oyi boshida Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan yirik havo hujumlari ortidan NATO davlatlari va Kiyev Ukraina havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi munozaralarni belgiladi. Bu haqda NATO matbuot xizmatining 4 yanvar, payshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi mikroblogida e’lon qilingan xabarida aytiladi. «NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATO-Ukraina kengashining elchilar darajasida yig‘ilishini o‘tkazadi. U 10 yanvar, chorshanba kuni Ukraina iltimosiga ko‘ra bo‘lib o‘tadi», — deb yozadi NATO matbuot kotibi Dilan Uayt.

AFP agentligi iqtibos keltirgan Uaytga ko‘ra, Ukrainaning o‘q-dorilarni yetkazib berishni tezlashtirish talablari diplomatlar navbatdan tashqari yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi mumkin. Alyans allaqachon «Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarining ko‘p sonini yetkazib bergan» va «Ukraina mudofaasini yanada kuchaytirish niyatida».

2024 yil arafasida va yil boshlanganidan keyin Rossiya urush boshlangandan beri Kiyev, Xarkiv va Ukrainaning boshqa shaharlariga barcha turdagi raketalar va hujumkor dronlardan foydalangan holda hujumlarning eng yirik to‘lqinlaridan birini amalga oshirdi. 40 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 29 dekabrdan beri Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 300 ga yaqin raketa va 200 dan ortiq uchuvchisiz uchoq bilan hujum qilgan.

NATO Ukraina havo mudofaasi uchun o‘q-dorilar sotib olishni qo‘llab-quvvatlaydi

NATOni qo‘llab-quvvatlash va xarid qilish agentligi (NSPA) alyans a’zolari - Germaniya, Niderlandiya, Ruminiya va Ispaniyani 1000 tagacha Patriot (GEM-T) yaxshiroq nishonga olish moslamasiga ega zenit raketalarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda NATO matbuot xizmatining 3 yanvar, chorshanba kuni tarqatilgan bayonotida aytiladi. Alyans bayonotida, shuningdek, Yevropada GEM-T raketalarini ishlab chiqarish kengaytirilishi qayd etilgan.

Patriot havo mudofaasi tizimi uchun raketalarni sotib olish ittifoqchilarga «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi paytida havo mudofaasini kuchaytirish» uchun zarur, deb ta’kidlanadi X ijtimoiy tarmog‘idagi NATO mikroblogida. Xuddi shu postda alyans bosh kotibi Yyens Stoltenbergning so‘zlari keltirilgan: «O‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish - Ukraina va o‘z xavfsizligimiz uchun asosiy omil». 

Mavzuga oid