O‘zbekiston | 19:20 / 06.01.2024
9043
3 daqiqa o‘qiladi

2023 yilning dekabri me’yordan issiqroq, noyabri esa eng issig‘i bo‘ldi - O‘zgidromet

O‘tgan oyda harorat o‘zgarishida jiddiy siljish bo‘ldi: kunduzgi eng yuqori va eng past harorat o‘rtasidagi farq 30-35 darajaga yetdi. Dekabr o‘rtalarida 2-3 kun qattiq sovuq bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘rtacha oylik harorat me’yoriy qiymatlardan 1,5–2 darajaga, janubda 2,5–3 darajaga yuqori bo‘lgan. Shuningdek, 2023 yilning noyabri O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillaridagi eng issiq noyabr bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

2023 yilning noyabr oyi O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillarida eng issiq noyabr bo‘ldi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet.

Sinoptiklarga ko‘ra, dekabr oyi ham g‘ayrioddiy bo‘lgan. O‘zbekistonda qish oylarida haroratning o‘zgarib turishi odatiy hodisa, lekin 2023 yilning dekabrida “harorat o‘zgarishi” jiddiy siljidi, deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, dekabr oyining boshida va uchinchi o‘n kunlikning o‘rtalarida havo harorati 18-23 daraja iliq, janubda 24-26 daraja iliq bo‘lgan. 12-14 dekabr kunlari davrida respublika hududiga Arktika hududlaridan sovuq oqim kirib kelgan. Kechalari havo harorati 16-21 daraja sovuq, shimolda ba’zi joylarda 22-25 daraja sovuq bo‘lgan.

Keskin sovuqqa sabab bo‘lgan antitsiklon O‘zbekiston hududini tezda tark etgan. Qattiq sovuqlar 2-3 kun davom etib, so‘ng havo harorati dekabr oyi uchun bo‘lgan me’yor qiymatlarga qaytgan.

Ta’kidlanishicha, dekabrda respublika hududining katta qismida kunduzgi eng yuqori va eng past harorat o‘rtasidagi farq 30-35 darajani tashkil etgan. Shunday qilib, Toshkentda 4-6 dekabr va 23-25 dekabr kunlari kunduzgi havo harorati 19-22 daraja iliq, 12-13 dekabr kunlari esa 5-8 daraja sovuq bo‘ldi.

Meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida dekabr oyida bundan ham past daraja kuzatilgan. Bu oyda minimal haroratning mutlaq qiymatlari 22-27 daraja sovuqni, ba’zi joylarda 29-32 daraja sovuqni tashkil etgan.

So‘nggi 30 yil ichida haroratning eng past qiymatlari 2012 yil dekabr oyida qayd etilgan edi. Biroq, 2023 yil 13 dekabr kuni Toshkentda harorat 15,9 daraja sovuqqacha pasayib ketgan va bu – so‘nggi 30 yil ichidagi eng past harorat bo‘lgan.

Ikkinchi o‘n kunlikda sovuq to‘lqin sezilarli darajada bo‘lishiga qaramay, dekabr oyining o‘rtacha oylik harorati me’yoriy qiymatlardan 1,5-2 darajaga, janubda 2,5-3 darajaga yuqori bo‘lgan.

2023 yil dekabr oyi quruq bo‘ldi. Hududning katta qismida yog‘ingarchilik dekabr oyning oylik me’yori yarmidan kam bo‘ldi. Faqat Toshkent va Namangan viloyatlarining ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yorga yaqin bo‘ldi.

Mavzuga oid