Jahon | 19:04 / 11.01.2024
10454
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda yo‘llari eng tirband shaharlar reytingi tuzildi 

London dunyodagi eng yomon yo‘l sharoitlariga, AQSh shaharlari tirbandlik bo‘yicha dunyodagi eng past ko‘rsatkichlarga ega. 

Foto: PA images

Angliya poytaxti London 3 yildan beri dunyodagi «eng sekin» shahar bo‘lib qolmoqda. Bu haqda TomTom Traffic Index ma’lumotlari dalolat bermoqda. 

Qayd qilinishicha, 2023 yilda London bo‘ylab 10 km masofani bosib o‘tish uchun sarflangan o‘rtacha vaqt 37 daqiqa 20 soniyani tashkil etgan. Bu 2022 yilga nisbatan bir daqiqaga va 2021 yilga nisbatan deyarli ikki daqiqaga ko‘p. Shu bilan birga, Dublin (Irlandiya), Toronto (Kanada), Milan (Italiya) va Lima (Peru) ham ushbu reytingning yuqori pog‘onalarini egallagan. 

Bundan tashqari, Irlandiya poytaxti Dublin shahri 2023 yilda aholining tirbandlikda o‘tkazgan vaqti bo‘yicha dunyo shaharlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. TomTom ma’lumotlariga ko‘ra, dublinliklar tirbandlikda o‘rtacha 158 soat vaqt yo‘qotgan. Keyingi o‘rinlarni Peru poytaxti Lima (157 soat) va Meksika poytaxti Mexiko (152 soat) egalladi. 

Bu ajablanarli bo‘lishi mumkin, TomTom ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika shaharlari tirbandlik bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega. Jumladan, Ohayo shtatidagi Dayton va Akron, Nyu-Yorkdagi Olbani va Sirakuza kabi shaharlarda haydovchilar tirbandlikda juda kam vaqt o‘tkazishadi. Shuningdek, Detroyt, Memfis, Sent-Luis, Talsa, Tsinsinnati va Buffalo kabi shaharlarda ham vaziyat yaxshi. Qayd qilinishicha AQSh shaharlarining barchasida 10 km masofani o‘rtacha 10 daqiqada bosib o‘tish mumkin. Ushbu holat shaharlar o‘rtasidan magistral yo‘llarning o‘tganligi bilan izohlanadi va Amerikaning barcha shaharlarida o‘rtacha tezlik soatiga 60 km dan oshadi. Bunday infratuzilma noyob zamonaviy yechim bo‘lib, London yoki Dublin kabi joylarga mos kelmaydi. Bundan tashqari, magistral yo‘llarning shahar o‘rtasidan o‘tishi yashash uchun qulay sharoit yaratadimi degan savolni keltirib chiqaradi. 

TomTom reytingni tuzishda dunyoning 55 ta davlatidagi 387 ta shahardagi yo‘l harakati holatini tahlil qilgan. Reytingda O‘zbekiston shaharlari bo‘yicha ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid