Jahon | 10:14 / 12.01.2024
11770
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Britaniya Yamandagi husiychilarga zarba berdi

Jo Bayden va Rishi Sunak Yamandagi obektlarga berilgan zarbalarni Qizil dengizdagi xalqaro savdo kemalariga husiychilarning hujumlariga javob deb atadi. Husiychilar «yanada kuchli» hujum bilan tahdid qildi.

Foto: Reuters

12 yanvar, jumaga o‘tar kechasi AQSh va Britaniya qurolli kuchlari Yamandagi husiychilar obektlariga hujum qildi. AQSh prezidenti Jo Bayden va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak bir vaqtning o‘zida bu borada bayonot berdi.

AQSh Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, AQSh va hamkorlarining Yamandagi zarbalari nishoni husiychilar dronlari, ballistik va qanotli raketalar, qirg‘oq radarlari va havo kuzatuv tizimlari bo‘lgan. Zarbalar qiruvchi samolyotlar, kemalar va suvosti kemalaridan berilgan, deb yozadi Reuters manbalarga tayanib. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar zarbalarni amalga oshirish uchun Tomahawk bombardimonchi samolyotlari va qanotli raketalardan foydalangan.

Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, husiychilar Qizil dengiz uzra qanotli raketalar va uchuvchisiz uchoqlarni uchirish uchun foydalangan Abbs aerodromiga zarba berilgan. Bundan tashqari, Bani shahrida razvedkachi dronlarni uchirish uchun foydalanilgan bir necha binolarga hujum qilingan.

Husiychilarning Qizil dengizdagi «misli ko‘rilmagan» hujumlariga javob

Baydenning ta’kidlashicha, zarbalar mintaqadagi savdo va navigatsiya erkinligiga tahdid solayotgan xusiychilarning Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga «misli ko‘rilmagan» hujumlariga bevosita javobdir. U mudofaa deb ta’riflagan hujum Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Niderlandiyaning yordami bilan amalga oshirildi.

«Ushbu maqsadli zarbalar Qo‘shma Shtatlar va hamkorlarimiz bizning xodimlarga qilingan hujumlarga toqat qilmasligi yoki dushman tomonga dunyodagi eng muhim savdo yo‘llaridan biri bo‘ylab navigatsiya erkinligini xavf ostiga qo‘yishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida aniq signal beradi», deyiladi Baydenning Oq uy tomonidan e’lon qilingan bayonotida. U o‘z xalqini va xalqaro savdoni himoya qilish uchun kerak bo‘lsa, keyingi choralarni ko‘rishga va’da berdi.

Sunak, shuningdek, Buyuk Britaniya nuqtayi nazaridan husiychilarga qarshi zarba o‘zini himoya qilish ekanligini ta’kidladi. «So‘nggi oylarda husiychi jangchilar Qizil dengizdagi savdo kemalariga bir qator xavfli va beqarorlashtiruvchi hujumlar uyushtirdi, bu Britaniya va boshqalar xalqaro yuk tashuvlariga xavf tug‘dirdi», dedi Britaniya bosh vaziri. U husiychilarni Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni to‘xtatishga va vaziyatni yumshatish uchun choralar ko‘rishga chaqirdi.

Husiychilar yetakchisi AQSh zarbasiga «kattaroq javob» bilan tahdid qildi

«Amerikaning har qanday hujumi javobsiz qolmaydi. Javob 20 ta dron va bir nechta raketalar yordamida amalga oshirilgan hujumdan ko‘ra kattaroq bo‘ladi», - dedi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, Yamanning shimoliy va g‘arbiy qismini nazorat qiluvchi guruh rahbari Abdulmalik al-Husiy.

Yaman tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Husayn al-Aziy London va Vashington Yamanga ommaviy zarbalar bergani uchun «katta narx to‘lash»ga tayyor bo‘lishi kerakligi haqida ogohlantirdi.

Rossiya zarbalar munosabati bilan BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni taklif qildi. Ikki kun avval, 10 yanvar kuni BMT Xavfsizlik kengashi husiychilardan hujumlarni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Unda Rossiya, Xitoy, Jazoir va Mozambik betaraf qoldi, qarshi ovozlar bo‘lmadi.

Husiychilarning Qizil dengizdagi hujumlari va xalqaro amaliyot

Isroilning HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng, Yaman husiychilari Qizil dengizda savdo kemalariga hujum qilmoqda. Isyonchilar o‘zlarining «G‘azo sektoridagi birodarlariga Isroil agressiyasi» to‘xtamagunicha, «dunyo bo‘ylab Isroil kemalariga hujum qilishda» davom etishini aytmoqda. Bir qancha yuk tashish kompaniyalari, xususan, Germaniyaning Hapag-Lloyd va Daniyaning Maersk, shuningdek, Mediterranean Shipping Company (MSC) und CMA CGM shirkati o‘z kemalarini Qizil dengiz va Arab dengizidagi Adan ko‘rfazini bog‘lovchi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali jo‘natishni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi.

18 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar eng muhim yuk tashish savdo yo‘llaridan birining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Prosperity Guardian - «Farovonlik qo‘riqchisi» xalqaro operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi, unda Pentagon, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya qatnashyapti. Shundan so‘ng yuk tashuvchi kompaniyalar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazi orqali harakat tiklangani haqida xabar berdi.

Tinchlik davrida butun dunyo dengiz tashuvlarining 10-12 foizi, jahon neft tashuvlarining taxminan 5 foizi va konteyner tashuvlarining taxminan 30 foizi Qizil dengiz orqali o‘tadi. 

Mavzuga oid