O‘zbekiston | 12:40 / 12.01.2024
9104
1 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda metan-shoxobcha 62,5 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Boyovut tumanidagi gaz shoxobchalaridan biri gaz hisoblagichdan oldin rezina shlang orqali gaz o‘g‘irlab, uni sotib kelgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 62 mlrd 488 mln so‘mga baholandi.

Foto: Energetika vazirligi

Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Boyovut tumanida joylashgan “B.” MChJga qarashli AGTKShga tortilgan gaz quvuri ko‘zdan kechirilganida, gaz hisoblagichdan oldin yer ostidan shoxobcha hududiga gaz quvuri olib kirilib, rezina shlang orqali tabiiy gazni sotishga yo‘naltirilgan holda undan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.

Buning natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 62 mlrd 488 mln so‘mni tashkil etgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid