Rossiya o‘z aktivlari musodara qilinishiga qarshi chiqishga tayyorlanyapti
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri g‘arb davlatlari Rossiyaning 300 milliard dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘ygan. AQSh va Yevropa Ittifoqi 2022 yildan buyon bu mablag‘larni musodara etish va Kiyevga o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Rossiya hukumati Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng g‘arb davlatlari tomonidan muzlatib qo‘yilgan Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining aktivlari musodara qilinishi ehtimoli bo‘yicha sud jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar berdi Bloomberg agentligi 12 yanvar, juma kuni manbalarga tayanib.
Anonimlik sharti bilan gapirgan Rossiya rasmiylarining agentlikka aytishicha, Markaziy bank sud jarayonlari yuzaga kelgan taqdirda Rossiya manfaatlarini himoya qilish uchun xalqaro yuridik firmalar bilan shartnoma tuzishga yaqin turibdi. Rossiya hukumati, shuningdek, xorijdagi tegishli qonunchilik va boshqa mamlakatlardagi pretsedentlarni tahlil qiluvchi ekspert xulosalariga buyurtma berdi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari sud muzlatib qo‘yilgan aktivlarni, garchi Rossiya ular ustidan nazoratni tiklay olmasa ham, Ukrainaga o‘tkazishning oldini olishiga ishonchi komil. Rossiya rasmiylari fikricha, g‘arbda aktivlarni musodara qilish uchun qonuniy asoslar yo‘qligi sababli sudda g‘alaba qozonish imkoniyati kam. Boshqa narsalar qatorida, Rossiya rasmiylari g‘arb davlatlari Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlarini musodara qilishga urinishini ehtimoli kam ssenariy deb hisoblayapti, deb yozadi agentlik.
Rossiya aktivlarini muzlatish
2022 yil fevral oyi oxirida Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng g‘arb davlatlari Rossiya banki oltin-valuta zaxiralari deyarli yarmini – taxminan 300 milliard dollarni muzlatib qo‘ydi. Ushbu mablag‘larning aksariyati Yevropada joylashgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh 2022 yildan boshlab ushbu aktivlardan foydalanish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
2023 yil dekabr oyida The New York Times gazetasi Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaga hujumi ikki yilligi munosabati bilan Kiyevga yordam berish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish strategiyasini tayyorlash maqsadida o‘z ittifoqchilari bilan shoshilinch muzokaralarni boshlagani haqida xabar berdi. Kuni kecha Bloomberg xabar berishicha, AQSh milliy xavfsizlik kengashi Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bir qismini musodara qilish va ushbu mablag‘larni Ukrainani qayta tiklash maqsadida o‘tkazish imkonini beruvchi qonun loyihasini prinsipial jihatdan qo‘llab-quvvatlagan.
Noyabr oyida Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya hukumati Rossiya aktivlarini musodara qilish masalasiga sud orqali e’tiroz bildirmoqchi ekanini ma’lum qildi. «Bu shunday qarorlar qabul qilganlar va bunday qarorlardan foydalanganlar uchun juda jiddiy sud va huquqiy xarajatlarga olib keladi», - deya ogohlantirdi Peskov.
Mavzuga oid
10:47
Rossiya 145 ta dron bilan Ukrainaning yirik shaharlariga hujum qildi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024