O‘zbekiston | 21:27 / 13.01.2024
13491
5 daqiqa o‘qiladi

«Tsement zavodlarining ekologiya va genofondga ta’siri o‘rganilishi kerak» - faollar

O‘zbekistonda sement zavodlari uchun soliqlar 4 baravarga kamaytirib berildi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, mahalliy korxonalar ham narx, ham sifat raqobatida import mahsulotlarga yutqazayotgani uchun ham shunday qilingan bo‘lishi mumkin. Bloger Qobil Hidirov sement zavodlarining nafaqat ekologiyaga, balki genofondga ham ta’sirini baholash va zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi.

Asaka tumanidagi sement zavodi / Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2024 yildan boshlab sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasi salkam 4 barobarga: tonnasiga 22 500 so‘mdan 6 ming so‘mgacha pasaytirildi.

Vaholanki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yil oxirida e’lon qilgan budjetnomada bu stavkani 2 barobarga – 22 500 so‘mdan 11 250 so‘mgacha so‘mgacha tushirishni reja qilgandi.

Jamoatchilik faollari Otabek Bakirov va Qobil Xidirov “Lolazor” podkastida O‘zbekiston bo‘ylab so‘nggi yillarda keskin ko‘paygan sement zavodlari, ularning ekologiya va insonlar salomatligiga zarari haqida fikr bildirdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, Antikorrupsiya agentligi sement zavodlariga soliqni kamaytirish haqidagi qonunni korrupsiogen ekspertizadan o‘tkazib berishi kerak.

Sog‘liq uchun ziyonli alkogol, tamaki yoki tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklarga qo‘shimcha soliqlar kiritilmoqda. Lekin sement uchun soliqlarning kamaytirilishi men uchun juda ham g‘alati tuyuldi. Mas’ul tashkilot mutassadilari Andijonning Buloqboshi tumaniga, Farg‘onaning O‘zbekiston tumaniga yoki Jizzaxning Zafarobod tumaniga borib, oilasi bilan 2 oydan yashashlari kerak. Ushbu hududlarda odam-ku mayli, o‘simlik ham o‘smayapti. Yana bir narsa bor, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi normativ hujjatlarni ham korrupsiogen omillar bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazishi kerak. Jumladan, sementchilarga soliqning kamaytirib berilishini tekshiruvdan o‘tkazish lozim. Bunaqa bo‘lishi mumkin emas”, – dedi u.

Bloger Qobil Xidirovning fikricha, O‘zbekiston o‘z ehtiyojlari uchun kerakli miqdordagi sementni qo‘shni respublikalardan import qilsa ham bo‘ladi.

O‘zbekiston sementni import qilishga o‘taverishi kerak. Agar bozorni ochib qo‘ysak, Tojikiston bilan Eronning sementi bizga yetadi. Shundoq imkoniyat bor. Tog‘li hududlardagi aholining xo‘jaligini vayron qilish shart emas. To‘g‘ri, qurilish ehtiyojimiz juda katta, lekin buni qo‘shni respublikalardan import qilish orqali bemalol ta’minlasa bo‘ladi. Bunga faqatgina valuta chetga chiqib ketyapti deb emas, tabiatni muvozanatda ushlab turuvchi omil sifatida ham qarashimiz kerak”, dedi u.

Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, o‘zbek sementi qirg‘iz va tojik sementiga narx raqobatida ham, sifat raqobatida ham yutqazayotgani uchun soliq stavkalari kamaytirib berilgan bo‘lishi mumkin.

Faollar oxirgi 5-6 yilda “bolalab” ketayotgan va aksariyati xitoylik investorlarga tegishli bo‘lgan yangi sement zavodlariga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirishdi. Bu yerda O‘zbekiston iqtisodiyotidan ham ko‘ra, foyda qanday olinayotgan bo‘lsa, shunday ofshorlar va Xitoyga olib chiqib ketiladi. Shuningdek, bu kompaniyalar Xitoyning eng arzon va atmosfera havosini katta miqdorda ifloslantiradigan texnologiyalarini olib kelayotgan bo‘lishi mumkin.

“Xitoy hukumati allaqachon yirik shaharlaridan tashqariga chiqarib yuborgan texnologiyalar O‘zbekistonga olib kirilyapti. Ishchi o‘rni yo‘qotilishi masalasiga to‘xtalsak, hech kim bu zavodlarni yopish haqida gapirmayapti. Aniq ekologik talablar bor, nima uchun ular tozalash inshootlarini qurmaydi? Nimaga ularning lobbisi faqat yutib chiqaveradi? Ekologlar bilan ko‘rishib qoldim, ularning aytishicha, zavodlarning ustidan sudda yutib chiqish ham befoyda, chunki bu qarorning ijrosi ta’minlanmaydi”, dedi Otabek Bakirov.

Zavodlar qurilayotgan paytda ham, hozir ham qonunchilik talablariga rioya qilingani yuzasidan jiddiy savollar borligi qayd etildi.

“Genofondga ta’siri ham o‘rganilishi kerak. O‘sha narsani ham 3-4 yilga cho‘zishadi, bu vaqtda sement qazib olish tugallangan bo‘ladi. Pistolet bugun otilishi kerak. Bu ishlar to‘xtatilishi kerak bo‘lsa, hozir amalga oshirilishi lozim. Jizzaxning Zafarobod tumanidagi aholi yashash joylarini oppoq chang bosib ketdi”, dedi Qobil Xidirov.

Ma’lumot uchun, Xitoydagi ekologik holatning yomonlashuvi fonida hukumat yirik sanoat korxonalarini, xususan, sement zavodlarini o‘z hududidan tashqariga olib chiqish bo‘yicha faol harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. O‘zbekistonda yildan yilga xitoyliklar ishtirokidagi sement zavodlari sonining oshib borayotgani ham ushbu strategiyaning bir qismi bo‘lishi mumkin.

Kun.uz avvalroq O‘zbekistondagi sement zavodlarining aksariyati ofshordagi kompaniyalar va xitoylik investorlarga tegishli ekani haqida yozgandi. Mamlakatdagi eng yirik sement zavodi bo‘lmish “Qizilqumsement” uch yil oldin shubhali tarzda xususiylashtirilgan edi.

Mavzuga oid