Jahon | 15:52 / 15.01.2024
9369
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: Haaga Isroilning kurashini to‘xtata olmaydi

Isroil bosh vaziri yana «to‘liq g‘alabaga qadar» HAMAS jangchilariga qarshi urush olib borishga va’da berdi. «Bizni hech kim to‘xtata olmaydi», dedi Netanyahu Haagadagi BMT Xalqaro sudida o‘z mamlakatiga qarshi ochilgan genotsid bo‘yicha da’voni eslatib.

Foto: Maya Alleruzzo / Reuters

Isroilning HAMAS tashkilotiga qarshi urushi 100-kuni arafasida bosh vazir Benyamin Netanyahu kurash «to‘liq g‘alabaga qadar» davom etishini yana bir bor ma’lum qildi. Isroil davlati, uning qurolli kuchlari va xavfsizlik xizmatlari «HAMASga qarshi ma’naviy va adolatli, mislsiz urush olib bormoqda», dedi Isroil hukumati rahbari 13 yanvar kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

«Bizni hech kim to‘xtata olmaydi - Haaga ham, yovuzlik o‘qi ham, - dedi Netanyahu Janubiy Afrika Respublikasining Haagadagi BMT Xalqaro sudiga bergan genotsid bo‘yicha da’vosiga ishora qilib. - Haagada yahudiylarning davlatiga ikkiyuzlamachilik hujumi - xalqlar tarixidagi ma’naviy tanazzul. U yahudiylarga qarshi navbatdagi Xolokost qilish uchun kelganlarning buyrug‘i bilan amalga oshirilmoqda». Benyamin Netanyahu Germaniya kansleri Olaf Sholsga Germaniyaning genotsid da’vosiga nisbatan so‘zsiz salbiy munosabati uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Biz urushni oxirigacha – to‘liq g‘alabaga qadar, barcha maqsadlarimizga erishilgunga qadar davom ettiramiz: HAMAS yo‘q qilinmaguncha, barcha garovga olinganlar qaytarilmaguncha. G‘azo Isroil uchun xavfsiz  tug‘dirmasligini ta’minlaymiz», - dedi Isroil bosh vaziri. U mamlakati «Eron va uning uchta ishonchli vakili boshchiligidagi yovuzlik o‘qi»ga qarshi urush olib borayotganini ta’kidladi hamda HAMAS, Livanning «Hizbulloh» harakati va Yamanning husiychi isyonchilarini nazarda tutdi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 23 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid