Jahon | 22:45 / 17.01.2024
4735
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh yamanlik husiylarni terrorchilar ro‘yxatiga qayta kiritdi 

3 yil oldin AQSh husiylarni terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan, ammo 1 oydan keyin chiqarib tashlagan edi. 

Foto: AP

AQSh rasmiylari «Ansorulloh» harakati (yamanlik husiylar nomi bilan ham tanilgan) Qizil dengizda kemalarga hujumlari munosabati bilan global terrorchilar ro‘yxatiga (Specially Designated Global Terrorist) kiritilganini e’lon qildi. 

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan aytganidek, husiylarni terrorchilar ro‘yxatiga kiritish «ularning moliyalashtirilishini oldini olishda muhim vosita» bo‘ladi. Qaror 30 kundan keyin kuchga kiradi. Agar husiylar Qizil dengizdagi hujumlarini to‘xtatsa, bu masala qayta ko‘rib chiqiladi, deb aniqlik kiritdi Oq uy. 

2021 yil yanvarda Donald Tramp ma’muriyati «Ansorulloh»ni xorijiy terroristik tashkilot ((Foreign Terrorist Organization) sifatida belgilagan edi. Shundan so‘ng, BMT bunday qaror Yamanda og‘ir inqiroz va keng tarqaladigan ocharchilik xavfini keltirib chiqarishi haqida ogohlantirdi. 

Bir oy o‘tgach, 16 fevral kuni husiylar yangi prezident Jo Bayden ma’muriyati qarori bilan terrorchilar ro‘yxatidan o‘chirildi. Oq uyning ta’kidlashicha, bu qaror og‘ir gumanitar vaziyat bilan bog‘liq, chunki guruhning terrorchilar ro‘yxatiga kiritilishi yamanliklarning oziq-ovqat va yoqilg‘i bilan ta’minlanishiga «halokatli ta’sir ko‘rsatgan». 

2023 yil kuzidan beri Yaman husiylari Qizil dengizdagi kemalarga muntazam hujum qilib keladi. 14 noyabr kuni guruh Isroil bilan bog‘liq bo‘lgan barcha kemalarga hujum qilishini e’lon etdi. Hujumlar tufayli yirik yuk tashish kompaniyalari kemalarning Suvaysh kanali orqali o‘tishini to‘xtatib qo‘ygan yoki ularni boshqa yo‘nalishlar bo‘ylab jo‘natgan. 

10 yanvar kuni Britaniya Mudofaa vazirligi Britaniya floti esminetslari Amerika kemalari bilan birgalikda Qizil dengizda husiylarning eng yirik hujumini qaytarganini ma’lum qildi. Ertasi kuni AQSh va Buyuk Britaniya Yamandagi husiy nishonlariga zarbalar berdi. Bayden zarbalarni «mudofaa harakatlari» deb atadi.

Mavzuga oid