Jahon | 15:10 / 17.01.2024
4047
5 daqiqa o‘qiladi

Blinken Davosda Zelenskiyni AQSh yordami davom etishiga ishontirdi

AQSh ma’muriyati Kiyevni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun Kongress bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda, dedi AQSh davlat kotibi. Yevropa komissiyasi rahbari xalqaro hamjamiyatni Ukrainaga yordamni davom ettirishga chaqirdi.

Foto: Stefan Wermuth/Bloomberg

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiyaga qarshi kurashayotgan mamlakatiga yordam berish davom etishiga ishontirdi. 16 yanvar, seshanba kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari: «biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni davom ettirish tarafdorimiz va bu maqsadga erishish uchun Kongress bilan juda yaqin hamkorlik qilamiz», dedi.

Uchrashuvda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham ishtirok etdi. U Ukraina prezidentini AQSh va uning ittifoqchilari urushda Rossiyaning mag‘lubiyati va Ukraina g‘alabasini ta’minlashga qat’iy qaror qilganiga ishontirdi.

O‘z navbatida, Zelenskiy Blinken bilan «muhim uchrashuv» haqida e’lon qildi. «Biz Ukraina va AQSh o‘rtasidagi kelgusi hamkorlikni muhokama qildik. Havo hujumidan mudofaa va uzoq masofani nishonga olish qobiliyati bizning davlatimiz uchun ayniqsa muhim», — deb yozdi u Telegram’da. U, shuningdek, AQSh ma’muriyati, butun Amerika xalqiga AQSh Kongressida Ukrainani «ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlagani» uchun minnatdorchilik bildirdi. «Biz sizning qo‘llab-quvvatlashingizga ishonamiz, shu jumladan kelajakda ham», dedi u. Xususan, u Kiyevga Rossiya raketalarini urib tushirishda yordam beradigan AQShda ishlab chiqarilgan Patriot tizimlari taqdim etilganini ta’kidladi.

Zelenskiy NATO rahbari va yirik biznes vakillari bilan uchrashdi 

Bundan tashqari, Zelenskiy Davosda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashdi. «Biz ko‘plab muhim masalalarni muhokama qildik. Jang maydonidagi vaziyat, davlatimizning mudofaa ehtiyojlari, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini yanada mustahkamlash, NATOning Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitiga tayyorgarlik, ikki tomonlama xavfsizlik shartnomalari bo‘yicha hamkorlar bilan ishlash, Ukraina NATOga kirgunga qadar amalda bo‘ladigan G7 deklaratsiyasi shular jumlasidan», - deya u Telegram’da uchrashuv mavzularini sanab o‘tdi. 

Ukraina prezidenti, shuningdek, Davosda yirik biznes rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishini e’lon qildi va investorlarni o‘z mamlakatiga sarmoya kiritish va uni qayta tiklashda ishtirok etishga taklif etdi. «Bu yerda bo‘lish, Ukrainaga investitsiyalarni kuchaytirish va iqtisodiyotimizni qo‘llab-quvvatlash juda muhim», dedi u hamda Ukrainani tiklash uchun xususiy kapitalni jalb qilish muhimligini ta’kidladi. 

Fon der Lyayyen Ukrainaning omon qolish qobiliyatiga ishonyapti

O‘z navbatida, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen xalqaro hamjamiyatni Kiyevni yanada qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Ukraina 2024 yil va undan keyingi yillar uchun moliyalashtirishda aniqlikka muhtoj», dedi u Davos forumidagi nutqida. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari «Ukrainani himoya qilish va uning qonuniy hududlarini qaytarib olish uchun uzluksiz qurol ta’minotiga muhtoj», deya qo‘shimcha qildi fon der Lyayyen. U, shuningdek, Ukrainaning Rossiya Federatsiyasiga qarshi urushga dosh bera olishiga ishonch bildirdi. 

Shu bilan birga, Yevrokomissiya rahbari «Ukrainaning eng yaxshi kelajagi bu - Yevropa», dedi. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish «Ukraina uchun tarixiy muvaffaqiyat» bo‘lishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u. 

Jahon iqtisodiy forumi 19 yanvargacha davom etadi

19 yanvarga qadar davom etadigan Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida siyosat, biznes va fuqarolik jamiyatidan 2800 ga yaqin vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Kun tartibida Ukrainadagi urush, shuningdek, Isroilning HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyoti asosiy o‘rin tutadi. 

Avvalroq AQSh Kongressidagi demokratlar va respublikachilar 2024 yilga mo‘ljallangan budjet bo‘yicha kelishuvga erishgan edi, unda Ukrainaga 300 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatilgan. Qonun chiqaruvchilar, agar kerak bo‘lsa, 2025-moliya yilida ham xuddi shunday ehtiyojlar uchun 300 million ajratish niyatida. Umuman olganda, Kiyevga yordam 2026 yil oxirigacha uzaytirildi.

Yevropa Ittifoqida Ukrainaga keyingi yordam Vengriya tomonidan qarshilikka duch keldi. Fon der Lyayyen Kiyevga keyingi to‘rt yil ichida 50 milliard yevro ajratishni taklif qilgan, biroq Budapesht dekabr oyida Yevropa Ittifoqi sammitida bu qarorga veto qo‘ydi. 1 fevral kuni YeIning bu boradagi favqulodda sammiti rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid