Jahon | 21:08 / 17.01.2024
11808
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy aholisi qatorasiga ikkinchi yil kamayib bormoqda

2023 yilda mamlakat aholisi 2,08 million kishiga qisqardi. 

Foto: Noel Celis/AFP

Xitoyning umumiy aholisi 2023 yilda 2,08 million kishiga kamaydi. Bu haqda Xitoy Davlat statistika boshqarmasiga tayanib, Reuters xabar berdi. 2022 yilda Xitoy aholisi 850 ming kishiga kamaygan va bu holat 1961 yildan beri ilk marta kuzatilgan edi. 

Aholining kamayishiga tug‘ilishning rekord darajada pastligi va koronavirusga qarshi qat’iy choralar bekor qilinganidan keyin yuz bergan o‘lim to‘lqini sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda. O‘tgan yili o‘lim darajasi 6,6 foizga o‘sib, 11,1 millionga yetgan, bu 1974 yildan beri eng yuqori darajadir. 

Xitoyda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni ham 5,7 foizga kamayib, 9,02 millionga yetgan, tug‘ilish koeffitsiyenti esa rekord darajada past bo‘lgan — har ming kishiga 6,39 bola. 1980 yildan 2015 yilgacha olib borilgan «Bir oilaga - bir bola» siyosati va jadal urbanizatsiya oqibatida mamlakatda tug‘ilish darajasi o‘nlab yillar davomida pasayib bormoqda. 

Xitoyning erkak aholisi 720,32 million kishiga (0,2 foizga pasayish), ayol aholisi 689,35 million kishiga (0,04 foizga kamayish) yetgan. Mehnat yoshidagi (16 yoshdan 59 yoshgacha) fuqarolar ulushi 61,3 foizni tashkil etdi - 2022 yilga nisbatan 0,7 foiz kam. Mamlakatda 65 yoshdan oshgan 216,76 million kishi bo‘lib, ularning soni 3,3 foizga oshgan. 

2023 yilda Xitoy shaharlari aholisi 1,2 foizga o‘sib, 932,67 million kishiga yetgan. Qishloq joylarda 477 million kishi istiqomat qiladi (2,8 foizga kamaygan). 

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Hindiston 2023 yilda Xitoyni ortda qoldirib, dunyoning aholisi eng ko‘p bo‘lgan davlatiga aylandi. BMT ekspertlari Xitoy aholisi 2050 yilga borib 109 million kishiga qisqarishini kutmoqda.

Mavzuga oid