YeI Ukraina va Moldova bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarga tayyorlanmoqda
Yevropa komissiyasi muzokaralardan oldin Ukraina va Moldova qonunchiligini Yevropa Ittifoqi qonunchiligi bilan solishtirish uchun skrining jarayonini boshlaydi.
Yevrokomissiya 17 yanvar, chorshanba kuni skrining jarayoni boshlanganini e’lon qildi – Ukraina qonunchiligining Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiqligini tahlil qilish. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Strasburgdagi Yevroparlamentda so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. «Endi biz siyosiy vaziyat va Yevropa kengashida qabul qilgan qarorimizga amal qilishimiz kerak. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rishda tekshirish jarayonini boshlayapmiz va muzokaralar asosini yaratmoqdamiz», dedi u.
Xuddi shu narsa Moldovaga ham taalluqlidir, dedi Yevropa Ittifoqi kengayishi bo‘yicha Yevropa komissiyasining rasmiy vakili Anna Pisonero Bryusselda jurnalistlarga. «Skrining jarayoni, albatta, Moldova uchun ham boshlanadi. Bu darhol yuz beradi va bu bosqichda barcha Yevropa Ittifoqi qonunchiligini qamrab oladigan guruhlar yaratiladi», dedi u va ekspertiza oltita tematik klasterga birlashtirilgan 33 ta qonunchilik bo‘limida kechishini qo‘shimcha qildi.
Pisoneroning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya hozirdanoq muzokaralar asosi loyihasi ustida ishlamoqda, u yaqin haftalarda YeI kengashiga taqdim etiladi. «Muzokaralar asosi - muzokaralarning haqiqiy boshlanishi. Va shubhasiz, ular Yevropa komissiyasi tekshiruv jarayonini o‘z ichiga olishi va muzokaralar bo‘yicha pozitsiyani shakllantirishi kerak», - deydi Ukraina Oliy radasining Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashuv qo‘mitasi rahbari Ivanna Klimpush-Tsinsadze.
Ukraina bosh vaziri Dmitriy Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda skriningga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Kiyev Yevropa Ittifoqining 28 mingga yaqin huquqiy hujjatlari dastlabki tahlilini o‘tkazgan. «Hukumat doimiy ravishda qonunchiligimizni Yevropa qonunchiligiga yaqinlashtirish ustida ishlamoqda. Ukrainani zamonaviy Yevropa davlatiga aylantirish, Yevropa oilasining bir qismi bo‘lish uchun. Yevropa Ittifoqi esa bu ishda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rmoqda», - deya ta’kidladi Ukraina hukumati rahbari.
Yevropa kengashi 14 dekabr kuni Bryusselda Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi.
Mavzuga oid
00:11
Zelenskiy: Trampning jamoasi bilan urush tezroq tugaydi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
11:37 / 15.11.2024