Qonunchilik palatasi va Senatga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berilmoqda
Senat a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari esa 7 nafardan 2 nafarga qisqartirilmoqda. Bu va boshqa qoidalar 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi nazarda tutilyapti.
Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, Oliy Majlis palatalari tomonidan o‘z faoliyatlarini tartibga soluvchi qonunlar yangi tahrirdagi konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda. Xususan, parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlari aniqlashtirilyapti, Senat a’zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanyapti. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilyapti.
Qonunda 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini o‘tkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazishi ham nazarda tutilgan.
Senat a’zolari soni va qo‘mitalar nomlarini hamda Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari soni va maqomini belgilovchi mazkur qoidalari 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi belgilangan.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
19:08 / 25.10.2024
Saylovda 1 milliondan ortiq fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024