Jamiyat | 14:13 / 21.01.2024
8312
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Navoiy viloyatida “valyutchik”lar ushlandi

Uchta holatda 16,5 ming dollar almashtirayotgan shaxslar ushlangan va ularga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Toshkent shahri va Navoiy viloyatida valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Jumladan, departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan I.B., N.T. va E.M. fuqaro A.A.ga 5 000 dollarni 62,1 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, ularning yonidan 17,7 mln so‘m, 5 000 rossiya rubli va 25 dollar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida Qiziltepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan B.X. 6 000 dollarni fuqaro N.F.ga 74,7 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan 3 300 dollar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Navoiy shahrida valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan F.Q. fuqaro Sh.H.ga 5 500 dollarni 68,4 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid