Jahon | 21:18 / 22.01.2024
8533
2 daqiqa o‘qiladi

Garovdagi isroilliklarning yaqinlari Knesset majlisiga bostirib kirdi

Ular garovga olinganlarni imkon qadar tezroq ozod qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishni talab qilgan.

Foto: The Times of Israel

Falastinning HAMAS harakati tomonidan garovga olingan isroilliklarning oila a’zolari Knesset binosiga bostirib kirib, Isroil parlamenti moliya qo‘mitasi yig‘ilishini to‘xtatdi, deb xabar berdi The Times of Israel. Ular asirlikda qolayotgan yaqinlarini ozod qilish uchun faol harakat qilishni talab etishdi. 

Reuters agentligiga ko‘ra, binoga 20 ga yaqin odam bostirib kirgan. Bir ayol garovdagi uch nafar oila a’zosining suratlarini ushlab turgan. Ular garovga olinganlarni imkon qadar tezroq ozod qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishni talab qilgan. 

Namoyishchilardan biri moliyaviy komissiya raisi Moshe Gafniga qarata: «Siz o‘z manfaatlaringiz uchun hukumatni yo‘q qildingiz, ammo garovga olinganlarning qaytishini yo‘q qila olmaysiz», degan. Gafni yig‘ilishni yakunlashga majbur bo‘lgan. Bostirib kirganlarning hech biri hibsga olinmagan. 

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo sektorida 132 nafar isroillik asirlikda saqlanmoqda. 2023 yil noyabr oyi oxiridagi bir haftalik sulh davomida garovga olingan 108 kishi ozod etildi. Isroil tomoniga ko‘ra, urush boshlanganidan beri kamida 27 nafar garovdagi halok bo‘lgan. 

14 yanvar kuni Tel-Avivda hukumatni garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirgan 24 soatlik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Dekabr oyida G‘azo sektorida hibsga olinganlarning oila a’zolari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashishni talab qilgan, chunki rasmiylar HAMAS bilan muzokara o‘tkazishdan bosh tortgan. Falastin harakati jangarilari garovdagilarni ozod qilish evaziga G‘azodagi jangovar harakatlarni to‘xtatishni talab qilmoqda, ammo Isroil bu shartni rad etyapti.

Mavzuga oid