Jahon | 17:22 / 22.01.2024
20403
4 daqiqa o‘qiladi

Tina Kandelaki Qozog‘istonga kirishi taqiqlanmoqda. U qozoqlarga manqurt haqida eslatgandi

O‘tgan hafta Kandelaki Qozog‘istonda «asta-sekin rus tilini davlat darajasida siqib chiqarish davom etayotgani»ni aytgandi. U Qozog‘istondagi vokzallarning rus tilidagi nomi o‘zgarayotganiga norozilik bildirib, qozoqlarni manqurtlarga qiyoslagandi.

Foto: Wikimedia Commons

Qozog‘iston hukumati Rossiyaning TNT telekanali bosh direktori Tina Kandelakiga mamlakatga kirishni taqiqlamoqchi. Bu haqda qo‘shni davlat TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarovga tayanib mahalliy Tengri News nashri xabar bergan.

«Kimdir sizga yoqmasa, uni uyingizga kiritmaysiz-ku, to‘g‘rimi? Biz ham shunday qilamiz. Buni bugun yoki ertagayoq qilishga majburlamang. Davlat bu narsani hech qachon kechirmaydi. U Qozog‘istonga kelmaydi, agar kelsa, kirolmaydi», degan Smadiyarov.

Avvalroq Tina Kandelaki o‘z Telegram-kanalida go‘yoki «Qozog‘istonda rus tili davlat miqyosida bo‘g‘ilayotgani» haqida post joylagandi. Bunga sabab sifatida Qozog‘iston transport vazirligi bir necha poyezd stansiyalari nomini qozoqchaga o‘zgartirgani keltirilgan.

Kandelaki stansiyalarga qozoqcha nom berilishini «yomon an’ana» deb atab bu boradagi «Boltiqbo‘yi tajribasi»ni misol qilib keltirgandi.

«U yerda ham barchasi kichik narsalardan boshlanib, keyin masala jiddiylashib ketdi: ruscha maktablar yopildi, sovet yodgorliklari yo‘q qilindi, rus tili taqiqlandi, oxirida nafaqaxo‘rlar sovuqda tashqariga haydaldi», deb yozdi Kandelaki.

Kandelakining postiga ko‘plab qozog‘istonliklar munosabat bildirdi. U esa izohlarni «qiziqish va qayg‘u» bilan kuzatayotganini aytdi. «O‘zini va tarixda bo‘lgan voqealarni unutish, shu jumladan tarixiy nomlarni unutish nafaqat savodsizlik, balki xavfli ish hamdir», deb qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, asli gurji millatiga mansub bo‘lgan Kandelaki qozoqlarga «manqurt » degan tushuncha borligini eslatib, Qozog‘iston Rossiya bo‘lmaganda, davlat sifatida mavjudligini yo‘qotgan bo‘lishini iddao qildi.

«Hurmatli qozoqlar, sizlarda «mәңgu» degan tushuncha bor. Undan o‘zligini va ba’zan aqlini yo‘qotgan manqurt tushunchasi kelib chiqadi. Tarixni eslamaslik – ikki yil avval Qozog‘iston davlat sifatida yo‘q bo‘lib ketish arafasiga kelib qolganini ham eslamaslik demakdir. Qaysi biri yaxshi – yonayotgan shaharlarmi yoki yordamga kelgan qo‘shnimi?» degan u.

TNT bosh direktori bu gapi bilan ikki yil avval Qozog‘istondagi namoyishlarni bostirishda rossiyalik harbiylar jalb qilingani, Rossiya Qozog‘istonga KXShT doirasida harbiy yordam ko‘rsatganini nazarda tutgan.

Kandelakining ikkinchi postiga Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi sobiq deputati Bekbolat Tleuxan javob berar ekan, uning gaplarini «ongli provokatsiya» deb atadi.

«Hamma davlat ko‘chalarga, shaharlarga va stansiyalarga qanday nom berishni o‘zi hal qiladi. Nima uchundir siz «manqurt» atamasini tilga oldingiz. Ya’ni, sizningcha biz qozoqlar manqurtmi? Agar bu so‘zning ma’nosini bilsangiz, bu butun boshli millat uchun qanchalik haqorat ekanini ham bilasiz», deb sobiq deputatning so‘zlarini keltirgan Orda nashri.

  • 2023 yil oktyabr oyida Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov hukumat mamlakat haqida salbiy fikr bildirganlar kiritiladigan reyestr tashkil qilinishini aytgandi. Ushbu ro‘yxatga kiritilganlarga Qozog‘istonga kirish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid