O‘zbekiston | 19:13 / 24.01.2024
10885
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonga 131 tonna oziq-ovqat yordamini yetkazdi 

Qiymati 425 ming dollarga teng oziq-ovqat mahsulotlari 120 dan ortiq sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalaridagi sil va ruhiy kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar, nogiron bolalar va qariyalarga tarqatiladi. 2010 yildan beri USAID O‘zbekistonga jami 4,4 millionlik 1500 tonnadan ortiq oziq-ovqat yetkazib bergan.

Foto: uz.usembassy.gov

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonga qiymati taxminan 425 ming dollarlik 131 tonna oziq-ovqat yordami yetkazib berdi.

Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, 6,5 mln porsiya oziq-ovqatdan iborat bu yordam sil va ruhiy kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar, nogiron bolalar va qariyalarni qo‘llab-quvvatlovchi 120 dan ortiq sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalariga tarqatiladi.

«Ushbu dastur O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida oziqlanishni yaxshilash va aholining eng zaif qatlamlarini to‘yimli va xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha mustahkam, davomiy hamkorlikni namoyish etadi», dedi USAID O‘zbekiston missiyasi direktori Devid Hofman mahsulotlarni topshirish marosimidagi nutqida.

Qayd qilinishicha, 2010 yildan beri USAID Oziq-ovqat yordami xalqaro hamkorlik dasturi orqali o‘z hamkorlari va Toshkentdagi «Sog‘lom avlod uchun» notijorat tashkiloti orqali O‘zbekistonga umumiy qiymati 4,4 million dollardan ortiq bo‘lgan 1500 tonnadan ortiq oziq-ovqat yetkazib bergan.

O‘zbekistonga yangi insonparvarlik yordami Qo‘shma Shtatlarning mamlakat sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli sarmoyalari bo‘yicha 122 million dollardan ko‘proq va so‘nggi 20 yil ichida jami 1 milliard dollardan ortiq yordamning bir qismi hisoblanadi.

Mavzuga oid