Jahon | 09:03 / 25.01.2024
3815
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya talab qilgan BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishi 25 yanvarga belgilandi

Rossiya tomoni Fransiya raisligini 24 yanvar kuni Il-76 samolyoti halokati munosabati bilan BMT xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishdan bosh tortganlikda aybladi.

Foto: Euronews

Rossiya Belgorod viloyatida Il-76 samolyotining qulashi munosabati bilan 24 yanvar, chorshanba kuni BMT xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirishni talab qildi va hodisa uchun Ukrainani aybladi. Rossiyaning TASS agentligi shu kuni kechqurun Fransiyaning xavfsizlik kengashiga raisligi qaroriga ko‘ra, yig‘ilish 25 yanvarga belgilanganini ma’lum qildi.

Rossiya tomoni Fransiyani shu kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazishdan bosh tortganlikda aybladi. Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy Telegram’da yozganidek, bu go‘yoki «vaqt yutish» va Ukraina tomoniga «nima bo‘layotganini ishonchli tushuntirish» imkoniyatini berish maqsadida qilingan.

Avvalroq shu kuni ertalab Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Ukraina halokat qanday sodir bo‘lganini tushuntirishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya samolyoti ukrainalik asirlarni rejali almashish uchun olib ketayotgan edi, biroq urib tushirilgan va bu «Ukraina tomonidan qasddan qilingan jinoiy harakat» edi. 

Ukraina harbiylarining Il-76 halokatiga munosabati 

O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Il-76 halokatidan so‘ng bayonot bilan chiqdi. Ukraina armiyasi «terror tahdidini, shu jumladan Belgorod-Xarkiv yo‘nalishida havo hududini nazorat qilish uchun yetkazib berilayotgan vositalarni yo‘q qilishni davom ettiradi», deyiladi Ukraina bosh shtabining Facebook sahifasida. 

Bundan oldin Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi bosh razvedka boshqarmasi (GUR) o‘zining Telegram-kanalida favqulodda xabar e’lon qildi va unda 24 yanvar kuni asirlar almashinuvi rejalashtirilganini tasdiqlab, «o‘z navbatida, Ukraina almashish jarayonini to‘g‘ri tayyorlash bo‘yicha barcha kelishuvlarni bajardi. Rossiyalik asirga olingan harbiy xizmatchilar o‘z vaqtida almashish uchun kelishilgan joyga yetkazildi, ular xavfsiz edi. Himoyachilarimizning xavfsizligi, kelishuvlarga ko‘ra, Rossiya tomonidan ta’minlanishi kerak edi», deb yozdi.

«Transport samolyotining 30 kilometrlik jangovar zonaga qo‘nishi xavfsiz bo‘lishi mumkin emas va har qanday holatda ham har ikki tomon muhokama qilishi kerak. Biz Rossiya Federatsiyasida vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida rejalashtirilgan hamda Ukraina va davlatimizga xalqaro yordamni zaiflashtirish uchun qasddan qilingan harakatlar haqida gapirishimiz mumkin», - deyiladi hujjatda. 

Rossiyaning Il-76 samolyoti Belgorod viloyatida halokatga uchradi 

Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Korochansk tumanida Yablonovo qishlog‘i yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan. 

Telegram’dagi «Vajnyye istorii» va «ChTD» kanallari Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib, Il-76 bortida almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj a’zosi va 3 nafar hamrohlik qiluvchi shaxs bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya mudofaa vazirligi halokatni «terror hujumi» deb atadi va buning uchun Kiyevni aybladi. 

Mavzuga oid