Yoqutistondagi qotillikdan keyin odamlar norozilik namoyishiga chiqdi
Rossiyaning Yakutsk shahrida mahalliy aholi vakillaridan biri o‘ldirilganidan so‘ng, o‘nlab odamlar norozilik namoyishiga chiqdi. Qotillikda 18 yoshli tojikistonlik gumonlanib, qo‘lga olingan. Odamlar tergovni yaxshiroq o‘tkazish va migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qilmoqda.
Sakha Day kanali tomonidan e’lon qilingan videoda namoyishchilar xavfsizlik kuchlaridan «Biz ularga tegmadik. Nega ular shunday yo‘l tutmoqda?» deb so‘rayotgani eshitiladi.
Namoyishchilar oldiga respublika ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Arbuzov va politsiya boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Oleg Lebed chiqqan.
«Qotil hibsga olindi. U ham xuddi sizdek Rossiya fuqarosi. Biz uni qo‘lga oldik, tergov bo‘ladi. Yigitlar, nega yig‘ildingiz?» deydi Lebed videolardan birida.
OAV xabarlariga ko‘ra, bundan ko‘p o‘tmay namoyishchilar boshqa maydonda yig‘ilishgan, u yerda politsiya namoyishchilarni hibsga ola boshlagan.
Ayni paytda yoqutistonliklar shaharda ba’zi uyali aloqa operatorlarining 4G tarmog‘i ishlamayotgani haqida xabar berishdi. «Sboy.rf» portaliga ko‘ra, Yoqutistonda Telegram, WhatsApp va Viber messenjerlaridagi nosozliklar yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan.
Namoyishlarga sabab bo‘lgan qotillik 21 yanvar kuni Marxa mikrorayonidagi uy hovlisida sodir bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki erkak o‘rtasida janjal kelib chiqqan, ularning biri ikkinchisining ko‘krak qismiga pichoq sanchgan. Jarohat o‘limga olib kelgan.
Namskiy ulusida yashovchi 26 yoshli fuqaroni o‘ldirishda gumon qilinib, Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan asli tojikistonlik yigit qo‘lga olingan. Sud uni hibsga olish haqida qaror chiqargan.
Yoqutiston rahbari Aysen Nikolayev sodir bo‘lgan voqeani izohlar ekan, uning qanday qilib Rossiya fuqaroligini olgani o‘rganilishi, xavfsizlik choralari kuchaytirilishi, jumladan, migrantlar nazorat qilinishiga va’da berdi.
Shu bilan birga, Nikolayev aholini «provokatorlar, shu jumladan chet elda o‘tirganlar» qo‘ng‘iroqlariga javob bermaslikka chaqirdi. «Endi, haqiqiy dushman vatandoshlarimizni o‘ldirayotganda, biz har qachongidan ham ko‘proq birlashishimiz kerak!» deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda, aftidan, Ukrainadagi urushni nazarda tutgan holda.
Yoqutistondagi qirg‘iz diasporasi vakilining BBC nashriga aytishicha, politsiya Nijniy Bestyax qishlog‘idagi masjid imomi oldiga borib, musulmon jamoatining chetdan kelgan vakillarini bugun uyda qolishi va ishga bormasligi haqida ogohlantirishni so‘ragan.
Nijniy Bestyax — Qirg‘iziston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan ko‘plab migrantlar yashaydigan qishloq.
Bu oxirgi ikki hafta ichida Rossiya hududlarida ikkinchi katta norozilik namoyishi bo‘ldi. 17 yanvar kuni Boshqirdistonda taniqli mahalliy faol Fail Alsinov sud qilinayotgan bino oldida bir necha ming odam yig‘ilgandi. Namoyishchilar bir necha soat davomida Alsinov sud binosidan olib ketilishiga to‘sqinlik qildi. Oqibatda, ommaviy tartibsizliklar moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Bu Yoqutiston aholisining migrantlarga qarshi birinchi marta chiqish qilishi emas. 2019 yil bahorida Yakutskda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik miting bo‘lib o‘tgandi, unda 17 yoshli mahalliy qiz Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan zo‘rlangani haqidagi xabardan g‘azablangan odamlar ishtirok etgan.
Migrantlar bir necha kun davomida tahdidlar tufayli ishga chiqa olmagandi. Yoqutlarni tinchlantirish uchun rasmiylar eng katta konsert zalida uchrashuv tashkil etishga majbur bo‘lgan, u yerda respublika rahbari Aysen Nikolayev va shaharning o‘sha paytdagi meri Sardana Avksentiyeva darg‘azab aholi bilan suhbatlashgan edi.
Mavzuga oid
19:24 / 27.10.2024
Moskvada xorijlik migrantlar uchun patent narxi qariyb 20 foizga oshadi
20:14 / 14.10.2024
Rossiyada Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan migrantlar Ukrainaga qarshi urushga borishga majburlanayotgani aytildi
22:34 / 10.09.2024
Belgiya Vengriyaning migrantlarni Bryusselga yuborish niyatini «provokatsiya» deb atadi
00:27 / 28.08.2024