Jahon | 07:51 / 25.01.2024
14265
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Il-76 halokati bo‘yicha xalqaro tergov zarur

Ukraina prezidenti Rossiyani ukrainalik asirlar hayotiga e’tiborsizlikda aybladi, biroq Rossiya transport samolyoti nega halokatga uchragani haqidagi versiyalarni keltirmadi.

Foto: TASS

Ukraina Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti Belgorod viloyatida halokatga uchrashi holati bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qiladi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 yanvar, chorshanba kuni kechqurun an’anaviy videomurojaatida. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «barcha faktlarni aniqlash kerak. Samolyot halokati Rossiya hududida - bizning nazoratimizdan tashqarida sodir bo‘lganini hisobga olsak, iloji boricha ko‘proq faktlarni bilish lozim».

Ukraina prezidenti, shuningdek, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy, bosh shtab boshlig‘i Sergey Shaptala, bosh razvedka boshqarmasi (GUR) Kirill Budanov va SBU rahbari Vasiliy Malyukning nima bo‘lganligi haqidagi hisobotlarini eshitganini aytdi. «Ko‘rinib turibdiki, ruslar ukrainalik asirlarning hayoti, qarindoshlarining his-tuyg‘ulari va jamiyatimiz hissiyotlari bilan o‘ynayapti», — dedi Zelenskiy Rossiya samolyoti nima uchun halokatga uchragani haqidagi versiyalarni keltirmasdan.

Avvalroq, 24 yanvar kuni Ukraina prezidenti payshanbaga rejalashtirilgan markaziy hududlarga safarini bekor qilgan edi. Shuningdek, RBK-Ukraina nashri manbalarga tayanib xabar berishicha, Volodimir Zelenskiy uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash uchun uchrashuvlar tashkillashtirishni taqiqlagan. 25 yanvar kuni Zelenskiy 46 yoshga to‘ldi. 

Ukraina havo kuchlari rahbari Rossiyani aybladi

Shu kuni kechqurun Ukraina havo kuchlari rahbari Nikolay Oleshchuk o‘zining Telegram-kanalida Rossiyani Ukrainani obro‘sizlantirishga urinayotganlikda aybladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 24 yanvar kuni «Rossiyaning g‘azablangan tashviqoti tashqi auditoriyaga soxta ma’lumotlar oqimini yo‘naltirdi – Ukrainani jahon hamjamiyati oldida obro‘sizlantirishga urindi. Maqsad aniq – ular bizning davlatimizga xalqaro qo‘llab-quvvatlashni kamaytirmoqchi». Oleshchuk Il-76 halokati haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirmadi, biroq «Ukraina tajovuzkorning havo hujumi qurollarini himoya qilish va yo‘q qilish huquqiga ega» ekanligini ta’kidladi.

Rossiyaning Il-76 samolyoti Belgorod viloyatida halokatga uchradi 

Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Korochansk tumanida Yablonovo qishlog‘i yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan. 

Telegram’dagi «Vajnyye istorii» va «ChTD» kanallari Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib, Il-76 bortida almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj a’zosi va 3 nafar hamrohlik qiluvchi shaxs bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya mudofaa vazirligi halokatni «terror hujumi» deb atadi va buning uchun Kiyevni aybladi. 

Keyinroq favqulodda bayonotda Ukraina bosh razvedka boshqarmasi harbiy asirlarni almashish 24 yanvarga rejalashtirilganini tasdiqladi, biroq ukrainalik asirlarning xavfsizligini Rossiya tomoni ta’minlashi kerakligini ta’kidladi. 

«Transport samolyotining 30 kilometrlik jangovar zonaga qo‘nishi xavfsiz bo‘lishi mumkin emas va har qanday holatda ham har ikki tomon muhokama qilishi kerak. Biz Rossiya Federatsiyasida vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida rejalashtirilgan hamda Ukraina va davlatimizga xalqaro yordamni zaiflashtirish uchun qasddan qilingan harakatlar haqida gapirishimiz mumkin», - deyiladi bayonotda. 

Mavzuga oid