Sport | 18:24 / 30.01.2024
24286
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Osiyo kubogida keyingi bosqichga chiqdi

Osiyo kubogi-2023 nimchorakfinali doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi Tailandni mag‘lub etib, chorakfinalga yo‘llanma olgan 5-jamoaga aylandi.

Foto: Tribuna.uz

Osiyo kubogi-2023 1/8 final
O‘zbekiston – Tailand – 2:1
Bosh hakam: Nazmi Nasaruddin (Malayziya)

Gollar: Azizbek Turg‘unboyev 37, Abbosbek Fayzullayev 65 – Sarachat Supachok 59.
O‘zbekiston – Yusupov, Eshmurodov, Ashurmatov, Husanov, Sayfiyev, Turg‘unboyev (Abdirahmatov, 82), Xamrobekov, Xolmatov, O‘runov (Erkinov, 67), Fayzullayev (Boltaboyev, 90), Masharipov (Iskanderov, 82).
Tailand – Hammai, Mikkelson, Hemvibun, Dola, Bunmatxan, Pumchantik (Promsrikayev, 73), Charenrattanapirom (Sarachat, 46), Yuyyen (Chamratsami, 82), Kanitsribampen (Mueanta, 46), Pomphan (U-Tra, 82), Jayded.
Ogohlantirish: Husanov (87).

Dohadagi «Al-Janub» o‘yingohida kechgan bahs oldidan jarohati sababli Igor Sergeyevning maydonga tushmasligi aniq bo‘lib ulgurgandi, uchrashuv arafasida esa yana bir o‘yinchi – Otabek Shukurov tumov sababli o‘yinni o‘tkazib yuborishi ma’lum qilindi.

Uchrashuvni hujumkor boshlagan vakillarimiz 37-daqiqaga kelib hisobni ochishdi. Shu kuni Shukurovning o‘rniga maydon markazidan joy olgan Diyor Xolmatovning ajoyib uzatmasini Azizbek Turg‘unboyev chiroyli zarba bilan raqib darvozasiga kiritdi – 1:0. Bu Azizbekning turnirdagi ikkinchi goli bo‘lib, Tailandning Qatarda o‘tkazib yuborgan ilk goliga aylandi.

Ikkinchi bo‘limni xotirjam boshlagan Srechko Katanets shogirdlari 59-daqiqada jazolanishdi. Supachokning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasini O‘tkir Yusupov qaytara olmadi – 1:1.

Goldan keyin yana hujumkorlikka e’tibor qaratgan vakillarimiz 65-daqiqada stadionni navbatdagi marta larzaga keltirishdi. Masharipovning uzatmasini Abbosbek Fayzullayev jarima maydoni tashqarisidan raqib darvozasining uzoq burchagiga yo‘lladi – 2:1.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi qiyin g‘alabaga erishib, chorakfinalga yo‘llanma olgan 5-jamoaga aylandi. Bungacha Avstraliya, Tojikiston, Iordaniya va Qatar 1/4 finalga chipta olgandi.

O‘zbekiston keyingi bosqichda mezbon Qatarga qarshi maydonga tushadi. O‘yin 3 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Tailandga qarshi uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida Abduqodir Husanov qo‘polligi uchun hakam tomonidan ogohlantirildi va himoyadagi yetakchimiz Qatarga qarshi o‘ynamaydigan bo‘ldi.

Mavzuga oid