Jahon | 23:38 / 30.01.2024
12353
4 daqiqa o‘qiladi

Viktor Orban Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yordamini ma’qullash shartini aytdi

Vengriya bosh vaziri Ukrainaga ajratiladigan moliyaviy yordam har yili qayta ko‘rib chiqlishini istamoqda. 

Foto: AFP

Vengriya Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida yordam ajratish qarorini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bu qarorni har yili tasdiqlashi sharti bilan. Bu haqda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Le Point nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

«Biz murosa taklifini berishga qaror qildik: biz budjetni o‘zgartirishga rozi emasmiz. Biz 50 milliard yevro ajratilishiga rozi emasmiz, bu juda katta qiymat. Biz uni to‘rt yilga berish kerak degan fikrga qo‘shilmaymiz. Ammo, mayli, Vengriya yigirma yetti [mamlakat] qarorida ishtirok etishga tayyor, agar biz har yili bu pulni jo‘natish haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqsak. Va bunday qaror xuddi hozirgidek qonuniy asosga ega bo‘lishi kerak, ya’ni bir ovozdan qabul qilinishi shart», dedi Orban. 

Shu bilan birga, u ayrim davlatlar Budapesht pozitsiyasini yillik shantaj vositasi sifatida talqin qilayotganidan afsus bildirdi. 

«Bizning pozitsiyamiz shantaj emas, balki Yevropa Ittifoqining birligini tiklash va saqlab qolish haqida. Agar siz kimnidir unga yoqmaydigan narsaning bir qismi bo‘lishga majburlasangiz va u ishtirok etmaslik huquqiga ega bo‘lsa, unga har yili ishtirok etish yoki etmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilish imkoniyatini berish adolatli va oqilona bo‘ladi», dedi Orban. 

Vengriya bosh vaziri, shuningdek, Ukrainaga yordamni har yili qayta ko‘rib chiqish Kiyevga xarajatlarni oldindan rejalashtirish imkonini bermasligi haqidagi muxoliflarning fikriga qo‘shilmasligini ta’kidladi. Orbanning so‘zlariga ko‘ra, «Ukrainada yaqin uch-to‘rt oy ichida nima yuz berishi» aniq bo‘lmagan sharoitda birdaniga bir necha yilga moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish noto‘g‘ri. 

Bundan tashqari, bosh vazir Vengriya hali ham Ukrainadagi urushni faqat diplomatiya yo‘li bilan to‘xtatish mumkinligiga ishonishini ta’kidladi. Orban Yevropa Ittifoqining Kiyevga 50 milliard yevro yordam ko‘rsatish haqidagi qarorini «urushning kuchayishi» deb atadi. 

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 2023 yil dekabrida Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida iqtisodiy yordam ajratish haqidagi qarorini bloklagan edi. Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 20 milliard yevrodan ortiq yangi harbiy yordam fondini yaratish haqida o‘ylay boshladi. 

Yevropa Ittifoqi yetakchilari 1 fevralga mo‘ljallangan favqulodda sammitda bu ikki masalani ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi rasmiylari Viktor Orban Ukrainaga yordam ajratilishiga yana to‘sqinlik qilsa, boshqa reja ishlab chiqqan. Boshqa narsalar qatorida, u Vengriyaning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilishiga cheklovlarni nazarda tutadi.

Mavzuga oid