O‘zbekiston | 19:08 / 31.01.2024
2951
4 daqiqa o‘qiladi

Senatda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid vazifalar muhokama qilindi

Majlisda dori vositalari xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida dori vositalarini ulgurji (GDP) va chakana (GPP) realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga zarur amaliyot standartlarini joriy etish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, dorixonalar faoliyatini xalqaro talablar asosida tashkil etish zarurligi qayd etildi. 

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining axboroti eshitildi. 

Majlisda senatorlar, ekspert guruhi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tegishli doimiy komissiya raislari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Dastlab majlisda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning axboroti eshitildi. 

Unda ta’kidlanganishicha, bugungi kunda 204 ta korxona farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, dorivor o‘simliklar va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi 276 ta korxona mavjud. 

Farmatsevtika (dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi) korxonalari tomonidan 3922 turdagi mahsulotlar tayyorlanyapti. Xususan, 3290 turdagi dori vositalari, 468 turdagi tibbiy buyumlar, 84 turdagi tibbiy texnikalar hamda 80 turdagi substansiyalar ishlab chiqarilmoqda. 

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi tutash hududdan qo‘shimcha 80 gektar yer maydonini ajratish hisobiga «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasterining sanoat hududi kengaytirildi. 

Bugungi kunda farmatsevtika sanoati bo‘yicha 5 ta («Bo‘stonliq farm», «Parkent-farm», «Andijon-farm», «Kosonsoy-farm» va «Zomin-farm») erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. 

Muhokamalar jarayonida senatorlar farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda «Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)», «Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)» va «Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)» talablariga muvofiq ravishda tashkil etilmaganiga e’tibor qaratdilar. 

Majlisda dori vositalari xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida dori vositalarini ulgurji (GDP) va chakana (GPP) realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga zarur amaliyot standartlarini joriy etish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, dorixonalar faoliyatini xalqaro talablar asosida tashkil etish zarurligi qayd etildi. 

Shuningdek, 2022–2026-yillarda farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da belgilangan ayrim vazifalar to‘liq bajarilmaganligi senatorlar tomonidan tanqid ostiga olindi. 

To‘liq bajarilmagan vazifalarni qisqa muddatda bajarish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar vakillarining takliflari asosida chora-tadbirlar belgilashga kelishib olindi. Bundan tashqari, asosiy dori vositalari ro‘yxatini dorilar ro‘yxati, tasdiqlangan klinik bayonnomalar, tavsiyalar va davolash standartlaridagi taqdim etilgan dori vositalari ro‘yxati bilan muvofiqlashtirish yuzasidan amaliy takliflar berildi. 

Bundan tashqari, davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qo‘llovchi tashkilotlar tomonidan dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligini xabardor qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. 

Shuningdek, majlisda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari hamda «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi rahbarlarining dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligi va sifatini ta’minlash sohasidagi axborotlari ham tinglandi. 

O‘tkazilgan o‘rganish va muhokamalar yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid takliflari aks etgan tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid