O‘zbekiston | 18:26 / 01.02.2024
4876
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident metallurgiya kombinatlarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Bunda «yashil» texnologiyalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni metallurgiya korxonalarini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. 

Qayd qilinishicha, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati hamda «Navoiyuran» davlat korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotida katta o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda bu to‘rtta korxonaga 7 milliard 400 million dollar investitsiya kiritildi. Buning natijasida oltin ishlab chiqarish hajmi 23 foiz, mis 41 foiz, kumush 60 foizga oshdi. Navoiy kombinatida yangi konlar o‘zlashtirilib, 3 ta zavod ishga tushirildi. «O‘zmetkombinat» va «Navoiyuran»da ham ishlab chiqarish ko‘paydi. 

6 yilda ushbu korxonalarning jami sanoatdagi ulushi 10 foizdan 17 foizga, budjet tushumlarida esa 11 foizdan 25 foizga oshgan. 

Taqdimotda mutasaddilar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish va investitsiyalar jalb etish bo‘yicha rejalarini bayon qildi. 

Davlat rahbari xorijiy ekspertlarni jalb etib, kombinatlarni raqamli transformatsiya qilish, bunda «yashil» texnologiyalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish va yangi loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Ishlab chiqarishda operatsion xarajatlar va energiya sarfini maqbullashtirib, tannarxni qisqartirish vazifalari qo‘yildi. Shuningdek, kombinatlarda mehnat unumdorligini oshirish, rahbar va mutaxassislar faoliyatiga samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) joriy qilish muhimligi qayd etildi.

Mavzuga oid