Jahon | 22:04 / 07.02.2024
14610
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy banki Rossiya importchilari bilan barcha hisob-kitoblarni to‘xtatdi

Rossiyalik importchilar uchun asosiy hisob-kitob markazi bo‘lgan bank ularga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortdi. 

Foto: Getty Images

Xitoyning Chouzhou Commercial Bank (CCB) tijorat banki rossiyalik mijozlar bilan operatsiyalar to‘xtatilgani haqida xabar berdi. Bu haqda «Vedomosti» yozdi. 

CCB shu vaqtgacha Xitoy bilan ishlaydigan rossiyalik importchilar uchun asosiy hisob-kitob markazi bo‘lgan. 

«Vedomosti» suhbatdoshlariga ko‘ra, bank o‘tgan hafta Rossiya yoki Belarusdagi har qanday tashkilot bilan aloqalarni to‘xtatish to‘g‘risida bildirishnoma yuborgan. 

Rossiyalik tadbirkorning nashrga aytishicha, dekabr oyida CCB Rossiyaga G‘arb sanksiyalari tufayli olib kirish taqiqlangan tovarlarning ma’lum ro‘yxati uchun to‘lovlarni to‘xtatayotgani haqida xabar bergan. Bir necha hafta o‘tgach, har qanday to‘lovlar butunlay to‘xtatilganini bildirgan. 

Bank nafaqat SWIFT, balki Rossiyaning SPFS va Xitoyning CIPS tizimi bilan ham tranzaksiyalarni to‘xtatgan. 

«Vedomosti» manbalari, shuningdek, Xitoyning boshqa banklari ham rossiyalik mijozlar bilan ishlash qoidalarini kuchaytirganini aytdi. Ular, xususan, tovar xaridorining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslar va kompaniyalar bilan aloqasi yo‘qligi va mahsulotlar mudofaa majmuasi ehtiyojlari uchun ishlatilmasligi yoki anneksiya qilingan Qrimga yetkazib berilmasligini tasdiqlashni talab qilmoqda. 

Yanvar oyida Bloomberg agentligi Xitoy davlat banklari AQSh prezidenti Jo Baydenning ikkilamchi sanksiyalar haqidagi farmoni tufayli rossiyalik mijozlar bilan ishlashni cheklayotgani haqida xabar bergan edi. Kreml Bloomberg nashriga javoban Rossiya Xitoy bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda davom etayotganini aytdi. 

Fevral oyida «Vedomosti» turkiyalik ayrim banklar Rossiya kompaniyalari hisoblarini yopishni boshlagani, buni ikkilamchi sanksiyalar tahdidi bilan bog‘lagani haqida yozdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Kreml bu cheklovlardan xabardor ekanini aytib, Qo‘shma Shtatlar Turkiya va turk shirkatlariga «misli ko‘rilmagan, ochiq va agressiv bosim» o‘tkazayotganini aytdi.

Mavzuga oid