O‘zbekiston | 16:57 / 09.02.2024
6543
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish elektron shaklga o‘tkazildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

2022 yil 1 sentabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish test-rejimida amaliyotga tatbiq etilgan edi.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, hozirga kelib bu jarayonlar to‘liq yakunlanib, 2024 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlarida mehnatga layoqatsizlik varaqalari va ma’lumotnomalarini faqat elektron shaklda rasmiylashtirish belgilandi.

Kasallik varaqalarini shakllantirishda 2 ta rol belgilangan:

  • Yaratuvchi (mehnatga layoqatsizlik varaqalarini yuritishga mas’ul tibbiy xodimlar: IT-operator hamshira, bosh hamshira yoki boshqa tibbiy xodim);
  • Tasdiqlovchi (bosh shifokor, uning o‘rinbosari, mudir). 

Shuningdek, hozirda respublika tashkilotlari, xususiy klinikalar, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida bo‘lmagan boshqa vazirlik va idoralar tibbiy qismlarining rasmiy murojaati bo‘yicha ularga tasdiqlash rollari berilyapti.

Tizimga kiritilgan mehnatga layoqatsizlik varaqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» (my.gov.uz) axborot tizimi hamda UZASBO dasturiy ta’minotiga elektron shaklda yuboriladi.

Xususiy tashkilotlar xodimining mehnatga layoqatsizlik varaqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarini olish uchun Mehnat.uz axborot tizimi hamda UZASBO dasturiy ta’minotiga integratsiya qilingan bo‘lishi lozim.

Mavzuga oid