Uchta hududda AQShga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent shahri, Buxoro va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda AQShga jo‘natishini aytib, fuqarolardan pul talab qilgan shaxslar ushlandi.
Respublikaning uchta hududida AQShga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Chilonzor tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Toshkent shahrida yashovchi, 1979, 1999 va 2001 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, 6 nafar fuqaroga viza hujjatlarini olib berish hamda Yevropa orqali AQShga ishga yuborish evaziga 32 ming dollar olgan vaqtlarida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida yuqoridagi shaxslardan biri ushbu maqsadda muqaddam 3 900 dollar olganligi ham ma’lum bo‘lgan.
Buxoro shahrida 1997 yilda tug‘ilgan, muqaddam 3 marotaba sudlangan shaxs AQSh elchixonasidan tegishli viza olib, okean ortiga ishga yuborish evaziga 32 yoshli hamshaharidan 40 ming dollari talab qilgan. U so‘ralgan puldan 30 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1989 va 1995 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs o‘zaro kelishgan holda Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “O‘zbekiston-Turkiya-Portugaliya-Gvatemala-Meksika-AQSh” yo‘nalishi orqali AQShga ishga yuborish evaziga 23 ming dollar talab qilishib, oldindan 10 ming dollar olganda ushlangan.
Boshqa holatda Samarqand shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxs Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “O‘zbekiston-Turkiya-Ispaniya-Gonduras-Meksika-AQSh” yo‘nalishi orqali AQShga ishga yuborish evaziga 18 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan pulning 10 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oldinroq Samarqand va Toshkentda fuqarolarni katta pul evaziga AQSh, Fransiya va Kanada davlatlariga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olingandi.
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
22:14 / 13.11.2024
Tramp lavozim taqsimlamoqda: Pentagon jurnalistga, Maskka yangi departament
20:20 / 13.11.2024