Jahon | 18:37 / 09.02.2024
13450
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni Sirskiy ilk bayonotini berdi

U harbiy rahbariyat «front ehtiyojlarini bilishi va har bir sektordagi vaziyatni nazorat qilishi» kerakligini ta’kidladi. 

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general-polkovnik Oleksandr Sirskiy o‘zining yangi lavozimidagi ilk bayonotini berdi. 

U dastlab quruqlikdagi qo‘shinlar va «Xortitsa» operativ-strategik qo‘shinlar guruhidagi hamkasblariga minnatdorchilik bildirdi. Tayinlanishidan oldin Sirskiy bu qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilgan. 

«Kun tartibida yangi vazifalar bor. Bu, birinchi navbatda, xalqaro hamkorlardan keladigan so‘nggi qurollarga bo‘lgan ehtiyojlarni hisobga olgan holda, barcha harbiy qo‘mondonlik va nazorat organlari, qo‘shinlar va qismlarning harakatlarini aniq va batafsil rejalashtirishdir», dedi Sirskiy. 

Bosh qo‘mondonning qo‘shimcha qilishicha, boshqa vazifalar qatoriga moddiy-texnik ta’minot va harbiy xizmatchilarning rotatsiyasi ham kiradi. Sirskiy, shuningdek, harbiy rahbariyat «front ehtiyojlarini bilishi va har bir sektordagi vaziyatni nazorat qilishi» kerakligini ta’kidladi. 

«Yangi texnik yechimlarni joriy etish va muvaffaqiyatli tajribani kengaytirish, masalan, uchuvchisiz tizimlar va zamonaviy elektron urush tizimlaridan foydalanish ozodlik uchun urushda g‘alaba qozonishning kelajakdagi vektorlaridan biridir. Faqatgina urush vositalari va usullarini o‘zgartirish va doimiy takomillashtirish bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishish imkonini beradi», deb qo‘shimcha qildi u. 

Shuningdek, Sirskiy Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq rahbarlari va urush faxriylariga minnatdorlik bildirdi. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8 fevral kuni Oleksandr Sirskiyni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinladi. Sirskiy bu lavozimda general Valeriy Zalujniy o‘rnini egalladi. 

Harbiy rahbariyatdagi o‘zgarishlardan so‘ng Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarida o‘zgarishlar kutayotganini aytdi. U Ukraina Qurolli kuchlarining 2024 yilga mo‘ljallangan batafsil harakat rejasini taqdim etish, G‘arb qurollarini frontning birinchi chizig‘iga yetkazish, logistika muammolarini hal qilish, shtab-kvartiralar sonini qisqartirish, samarali rotatsiya tizimini yaratish, harbiy xizmatni takomillashtirish, harbiy tayyorgarlik sifati va uchuvchisiz qo‘shinlarni shakllantirishga chaqirdi. Bundan tashqari, Zelenskiy «har bir general frontdagi vaziyatni bilishi kerak», dedi.

Mavzuga oid