Qirg‘iziston prezidenti 20 million dollarlik mulkini qonuniylashtirdi
Sadir Japarov ilgari boshqalar nomida bo‘lgan mulklarini o‘z nomiga rasmiylashtirganini va bu bilan o‘rnak ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qiymati 20 million dollar bo‘lgan mulkini qonuniylashtirganini e’lon qildi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
«Mulkimning qiymati taxminan 20 million dollarni tashkil qiladi. Qonuniylashtirish uchun men davlatga million qirg‘iz so‘mi (≈11,2 ming dollar) to‘ladim. Bu qonun tomonidan talab qilinadi. Chet elda omonatim yo‘q. Agar bo‘lsa, ularni banklarimizga qo‘ygan bo‘lardim», deb yozdi Japarov.
Uning eslatishicha, daromadlarni qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonun 2023 yilda qabul qilingan. Bu boy qirg‘izistonliklar o‘z kapitalini xorijda saqlamay, vataniga olib kelishi uchun qilingan.
«Hech kimga sir emaski, barchamiz (oddiy fuqarolar emas, o‘rta biznes darajasidan yuqori bo‘lgan tadbirkorlar) o‘z mulkimizni birovning nomiga rasmiylashtirganmiz. Bundan tashqari, mamlakatimizning badavlat fuqarolari hamon milliardlarini xorijiy banklarda saqlamoqda. Bizda shunday boylar ko‘p. Nega ular o‘z boyligini xorijda yashirmoqda, degan savolga javob oddiy. Shu paytgacha katta mablag‘ning manbasi va bu mablag‘lardan to‘langan soliq miqdori bo‘yicha ko‘plab savollar kelib chiqqan. Endi bunday muammo yuzaga kelmasligi uchun ushbu boyliklarni qonuniylashtirish imkoniyatini yaratmoqdamiz», deb tushuntirdi Japarov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu imkoniyatdan faqat 2024 yil 1 iyulgacha foydalanish mumkin. Davlat qonuniylashtirilgan kapitalning xavfsizligini 100 foiz kafolatlaydi.
«Mening binolarim avval boshqa odamlar nomiga rasmiylashtirilgan edi. Hozir qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonun asosida ularni o‘z nomimga ro‘yxatdan o‘tkazdim. Men o‘rnak bo‘lishni istadim va birinchi bo‘lib mulkimni qonuniylashtirdim», deb yozdi prezident.
Mavzuga oid
17:42 / 07.11.2024
Egallangan hamda hujjatsiz yer uchastkalariga so‘nggi “aksiya”. Egalik huquqini e’tirof etish uchun nima qilish kerak?
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
21:34 / 05.11.2024
Qirg‘izistonlik ayollar 10 nafargacha farzand ko‘rishga chaqirildi
19:40 / 05.11.2024