5 ta qonun JST bitimlariga uyg‘unlashtirildi
Kiritilgan o‘zgarishlar intellektual mulk, reklama va dori vositalari bo‘yicha qonunchilikni qamrab oladi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonunga binoan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jahon savdo tashkilotining Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimi talablariga muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojining miqdori birxillashtirilgan holda BHMning 1 baravari deb belgilandi. Bungacha xorij kapitali ishtirokidagi korxonalar uchun boj 10 BHM miqdorida edi.
Shuningdek, milliy intellektual mulk tizimini JSTning Intellektual mulk huquqining savdo bilan bog‘liq jihatlari to‘g‘risidagi bitimi talablariga uyg‘unlashtirish maqsadida quyidagilarni ko‘zda tutuvchi qoidalar kiritildi:
- hukumat tomonidan patent egasining ruxsatisiz undan foydalanishga ruxsat berish mumkin bo‘lgan aniq holatlar hamda ularga tovon puli to‘lanishi;
- o‘zga shaxsga tegishli sanoat mulki obektidan (patentdan) jamoat manfaatlari uchun majburiy litsenziya asosida foydalanish huquqini olish va bunday foydalanganlik uchun patent egasiga mutanosib miqdorda tovon pulini to‘lanishiga oid alohida normalarni kiritish;
- patentlangan usuldan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan nizolarda isbotlash majburiyatini aniqlashtirish;
- insofsiz raqobat oqibatida ro‘yxatga olingan tovar belgilarini bekor qilish bo‘yicha da’vo muddatini bekor qilish;
- mahalliy va xorijiy talabnoma topshiruvchilarga intellektual mulk obektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir xil imkoniyat yaratish, xususan, patent boji miqdorlarini norezidentlar va rezidentlar uchun birxillashtirish, shuningdek, mazkur yangi stavkalarni jismoniy va yuridik shaxslar kesimida belgilash;
- ixtiro va foydali modellarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan patent bojining 90 foizi, ta’lim oluvchi shaxslarga, ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarga 30 foizi, yuridik shaxs bo‘lgan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga, davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim tashkilotlariga va ilmiy tashkilotlarga 25 foizi miqdorida imtiyozlar berish;
- original dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, dori vositasini yaratish jarayonida o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasida olinadigan klinik oldi va klinik sinovlar natijalarini himoya qilish;
- sanoat mulki obektlaridan tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda foydalanilgan holatlarda ham huquq egasiga belgilangan miqdorda tovon puli to‘lanishi.
Mavzuga oid
14:35 / 04.11.2024
AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi
20:26 / 09.10.2024
“JSTga a’zolikdan keyin yirik korxonalarga 2-3 yillik o‘tish davri beriladi” – Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
11:52 / 14.09.2024
Saida Mirziyoyeva: «Oiladagi zo‘ravonliklarga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatimiz mintaqada yetakchiga aylanganidan faxrlanaman»
08:14 / 14.09.2024