O‘zbekiston | 17:54 / 16.02.2024
48156
6 daqiqa o‘qiladi

Xorazmdagi pedofil-amaldorlarning yana «boshi silandi». Ular manzil-koloniyaga yuborilgan

Oilaviy mehribonlik uyining 18 yoshga to‘lmagan, yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan tarbiyalanuvchilari bilan bir yil davomida o‘ziga biriktirilgan xizmat uyida jinsiy aloqa qilib kelgan sobiq Xorazm viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov va FVVning tuman bo‘limi boshlig‘i Anvar Kuryazov jazoni umumiy tartibli qamoqxonada emas, manzil-koloniyada o‘tayotgani ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, ular ommaga oshkor qilinganidan kamroq muddat jazo o‘taydi.

Oilaviy mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqa qilgani uchun ayblangan Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov jazoni manzil-koloniyada o‘tayotgani ma’lum bo‘ldi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Oybek Masharipov Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) va 128-1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 2-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazoni og‘irrog‘i bilan bilan qoplash yo‘li bilan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Masharipovning 2023 yil 21 yanvardan 2023 yil noyabrga qadar o‘z uyida o‘tagan 9 oy 11 kun ozodlikdan cheklash jazosi har bir kuni ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan chegirilib, uzil-ketish o‘tash uchun 2 yil 2 oy 19 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.

Anvar Kuryazov ham Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi 1-qismi va 128-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Kuryazovning 2023 yil 19 yanvardan 6 aprelga qadar o‘z uyida o‘tagan 2 oy 17 kun ozodlikdan cheklash jazosi bir kuni ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirilgan hamda tayinlangan jazodan chegirilib, uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil 9 oy 13 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.

E’tiborlisi, har ikki sudlanuvchiga jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilangan.

Jinoyat ijroiy kodeksining 114-moddasiga ko‘ra manzil-koloniyalarda mahkumlar:

– soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi;

– ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadi;

– agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin;

– fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradi;

– pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin;

– ishdan bo‘sh vaqtda cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin;

– o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan va yo‘qlovlardagi mahsulotlardan mustaqil ravishda ovqat tayyorlashni amalga oshiradi.

Mahkumlar cheklanmagan miqdorda qisqa muddatli uchrashuvlar, yil mobaynida yigirma to‘rt marta uzoq muddatli uchrashuvlar olish huquqiga ega. Uchrashuvlar, qoida tariqasida, ishdan bo‘sh vaqtda beriladi. Manzil-koloniya hududida uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, uchrashuv mahkumning arizasiga binoan manzil-koloniya hududidan tashqarida, ushbu koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida o‘tkazilishi mumkin.

Mahkumlar xonalarga bo‘lingan yotoqxonalarda yashaydi. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki manzil-koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi mumkin. Bunday shaxslar ichki tartib qoidalarida belgilab qo‘yilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tish uchun hozir bo‘lishlari shart. Manzil-koloniya ma’muriyatining vakili mahkumlar yashayotgan joyga sutkaning istalgan vaqtida kirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Xiva tuman sudining hukmiga ko‘ra, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan Anvar Kuryazov mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelganlikda aybdor deb topilgan va ularga 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishining yana bir figuranti – voyaga yetmagan qizlarni turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan mehribonlik uyi mudirasi 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Jamoatchilik bu jinoyat haqida birinchi instansiya sudining hukmi chiqqanidan 7 oy o‘tib xabar topdi va bu – jinsiy jinoyatlar oylar mobaynida davom etib kelgani, sud esa sobiq amaldorlarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlagani rezonansga sabab bo‘ldi.

Shundan keyin Masharipov va Kuryazovga tayinlangan jazo yengil bo‘lgani sabab Xorazm viloyati prokuraturasi Oliy sudga protest kiritgani ma’lum qilindi. Oliy sud ishni apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rishga yuborgan edi.

3 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi tomonidan pedofiliyada ayblangan xorazmlik sobiq amaldor ishi yopiq tarzda ko‘rib chiqildi.

Apellyatsiya instansiyasi Oybek Masharipov va Anvar Kuryazovga nisbatan Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentabrdagi hukmini bekor qildi hamda ayblanuvchilarning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagandi.

Mavzuga oid