Jahon | 18:42 / 04.03.2024
13720
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston va Qozog‘istonda kuchli zilzila sodir bo‘ldi 

Hozircha qurbonlar, vayronagarchilik va jarohatlar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. 

Foto: Tengrinews

4 mart kuni soat 12:22 da Qirg‘izistonda 5,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Yevropa-O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi (EMSC) xabar berdi. 

Zilzila o‘chog‘i Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahridan 35 km shimoli-g‘arbda, Qozog‘istonning Olmaota shahridan 40 km janubda, Bishkekdan 190 km shimolda joylashgani aniqlangan. 

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 4 mart kuni Olmaotadan 31 km janubda 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. 

Yer silkinishlari mahalliy vaqt bilan 11:22 da qayd etilgan. Olmaotada 5 magnitudali zilzila sezilgan. 

Zilzila vaqtida aholini ogohlantirish tizimi ishga tushirilgan, odamlarga SMS xabar yuborilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda shaharliklar uylarini tark etib, ko‘chaga chiqayotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi. 

Olmaota Favqulodda vaziyatlar departamenti soat 15:00 da seysmik vaziyatni baholash komissiyasi qarori asosida aholining yashash joylariga qaytishi mumkinligi haqida xabar bergan. Ta’kidlanishicha, aftershoklar bo‘lishi mumkin, ammo ular xavf tug‘dirmaydi. 

Olmaotaliklar ichimlik suvi quvurlari yorilgani, devorlardagi yoriqlar va singan oynalar haqida shikoyat qilishgan. Shahar metropoliteni taxminan 5 soat davomida ishini to‘xtatgan.

Mavzuga oid