Jahon | 11:55 / 05.03.2024
4414
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Apple’ni 1,8 mlrd yevro jarimaga tortdi

Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Apple taxminan 10 yil davomida dasturchilarga iOS foydalanuvchilarini App Store do‘konidan tashqari muqobil va arzonroq musiqa obuna xizmatlari haqida xabardor qilishni taqiqlab kelgan. 

Foto: Laurenz Heymann / Unsplash

Yevropa komissiyasi (YeK) iOS operatsion tizimi foydalanuvchilari uchun musiqa striming xizmatlari bozoridagi ustun mavqeyini suiiste’mol qilgani uchun Apple’ni 1,8 milliard yevrodan ortiq jarimaga tortdi. Bu haqda 4 mart, dushanba kuni e’lon qilingan YeK press-relizida aytilgan.

Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, Apple kompaniyasi Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunlarini buzgan holda, taxminan 10 yil davomida musiqa strimingi ilovalarini ishlab chiquvchilarga iOS foydalanuvchilarini App Store do‘konidan tashqarida mavjud bo‘lgan muqobil va arzonroq musiqa obuna xizmatlari haqida xabardor qilishni taqiqlab qo‘ygan. 

Yevropa komissiyasining press-relizida qayd etilishicha, kompaniya siyosati «foydalanuvchi tajribasi yomonlashuviga» olib kelgan bo‘lishi mumkin, chunki Apple qurilmalari egalari App Store ilovasidan tashqarida yaxshiroq takliflarni izlash uchun murakkab qidiruvlarni amalga oshirishga majbur bo‘lishi kerak edi.

Apple’ga nisbatan surishtiruv 2019 yilda Spotify striming xizmati tomonidan Amerika kompaniyasi ustidan shikoyat qilinganidan keyin boshlangan. 

Mavzuga oid