Jahon | 11:31 / 09.03.2024
4380
2 daqiqa o‘qiladi

YeI 2024 yilda Ukrainaga 21 mlrd yevro ajratishni rejalashtirmoqda

Yevrokomissiya rahbari birinchi o‘rinbosari Valdis Dombrovskisning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam hajmi hatto 21 milliard yevrodan ham oshib ketishi mumkin. 

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi davlatlari 2024 yilda Ukrainaga 21 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish niyatida. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari birinchi o‘rinbosari Valdis Dombrovskis 8 mart, juma kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi

Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 milliard yevrolik ko‘rsatkich «qisman dastlabki ma’lumotlarga asoslangan» va aslida «bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin». Dombrovskisning eslatishicha, urush boshlangandan beri Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 28 milliard yevrolik qurol va o‘q-dorilar ajratgan. Umuman olganda, YeI a’zolari Ukrainaga 88 mlrdlik yordam taqdim etdi. 

Bundan tashqari, Dombrovskis aytishicha, Yevrokomissiya Ukrainani 2027 yilgacha mo‘ljallangan 50 milliard yevrolik qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida Kiyevga mart oyida 4,5 milliard yevro, aprelda esa 1,5 milliard yevro miqdorida yordam ajratishni rejalashtirmoqda. 

Ukraina uchun YeIdan yana bir yirik yordam paketi 

2024 yil fevralida Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati yetakchilari 2027 yilgacha YeI budjetidan Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ajratishga ovoz berdi. Ushbu mablag‘larning katta qismi - 39 milliard yevro grant va kreditlar - Ukraina davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. 8 milliard yevro Ukrainaga sarmoya kiritish uchun kafolatlar va shart-sharoitlar yaratishga mo‘ljallangan, yana 3 milliard yevro esa mamlakatga texnik yordam ko‘rsatish maqsadida ajratilyapti.

Mavzuga oid