Sport | 17:37 / 20.03.2024
20768
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston U17 jamoasi yetakchisi Ispaniya klubiga o‘tishi mumkin

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi sardori hamda «Lokomotiv» klubi yarimhimoyachisi Lazizbek Mirzayev faoliyatini Ispaniyada davom ettirishi mumkin.

Foto: O‘FA

Rossiyalik insayder Ivan Karpovning telegram kanalida yozishicha, «Lokomotiv» klubi yarimhimoyachisi Lazizbek Mirzayev Ispaniyaning «Leganes» klubiga o‘tishga yaqin. O‘zbekistonlik 17 yoshli futbolchi ispan klubida tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tsa, yil yakunida 18 yoshga to‘lgach, yangi jamoasi bilan shartnoma imzolaydi.

Ma’lumot uchun, «Leganes» klubi La Ligadan keyingi o‘rinda turuvchi Segundada 31 o‘yindan keyin 56 ochko bilan yaqqol peshqadamlik qilmoqda va mavsum yakunida La Ligaga chiqishga yaqin turibdi. Lazizbek Mirzayev ushbu klub safiga o‘tsa, kelasi mavsum La Ligada to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Lazizbek Mirzayev sardorligidagi O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi o‘tgan yil Indoneziyada o‘tgan U17 jahon chempionatida chorakfinalga qadar yetib borib, Fransiyaga mag‘lub (0:1) bo‘lgandi. Ungacha Ispaniya bilan durang (2:2), Kanada (3:0) va Angliya ustidan g‘alabaga (2:1) erishgandi. 17 yoshli Mirzayev turnir 1/8 finalida Angliya darvozasiga jarima zarbasidan chiroyli gol urgandi.

Mavzuga oid