O‘zbekiston | 11:35 / 20.03.2024
9273
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston va O‘zbekistonni bog‘lovchi 130 metrli yashirin tunnel aniqlandi

Jalolobod viloyatidagi xonadondan topilgan tunneldan odamlar va yuklarni chegaradan noqonuniy olib o‘tishda foydalanilgan. Xonadon egasi kontrabanda kanalini tashkil qilishda gumon qilinib, qo‘lga olingan. 

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanida noqonuniy yerosti tunneli topildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib “AKIpress” xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari Suzoq tumani Bekobod qishlog‘ida yashovchi fuqaroning uyida O‘zbekistonga olib boruvchi yerosti tunnelini topgan. 130 metrli mazkur yashirin yerosti yo‘li odamlar va yuklarni noqonuniy olib o‘tish uchun ishlatilgan.

Qayd etilishicha, tunnelning chuqurligi 15 metr, umumiy uzunligi 130 metr, Qirg‘iziston davlat chegarasigacha bo‘lgan masofa 50 metr, balandligi esa 1,7 metrga teng.

19 mart kuni uy egasi, 1986 yilda tug‘ilgan E.A. kontrabanda kanalini tashkil qilishda gumon qilinib, qo‘lga olingan. Ayni paytda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan tunneldan foydalanishni tashkil etishda ishtirok etgan barcha shaxslar, shuningdek, Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlar hamda respublikaga noqonuniy ravishda kirib kelgan tovarlar turlari aniqlanmoqda.

Qirg‘iziston va O‘zbekistonni bog‘lovchi bu kabi tunnellar oldin Qorasuvda hamda Qo‘rg‘ontepada ham aniqlangandi.

Mavzuga oid