O‘zbekiston | 09:01 / 23.03.2024
31261
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda yangi tug‘ilgan egizak chaqaloqlar “dom” yo‘lagida qoldirib ketildi

Tug‘ilganiga 4-5 kun bo‘lgan chaqaloqlarni sumkaga ustma-ust solib, tashlab ketgan ayol ko‘p qavatli uydagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan. U yuzini yashirish uchun niqob taqqan hamda ro‘mol o‘ragan holatda bo‘lgan. Qizaloqlarni hudud hamshirasi ko‘rib qolib, ularga birinchi yordam ko‘rsatgan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand shahri, Qorasuv massivi 75-ko‘p qavatli uyning yo‘lagida yangi tug‘ilgan egizak chaqaloqlar qoldirib ketildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.

Sumkaga solingan holatdagi chaqaloqlarni ko‘p qavatli uyning 1-qavatidagi xususiy klinika hamshirasi ko‘rib qolgan hamda ularga birinchi yordam ko‘rsatgan.

“Bemorlarga qarab chiqayotgan vaqtimda yo‘lakda turgan ekan. Birinchi e’tibor bermadim. Keyin yig‘lagan ovoz eshitildi va qo‘lchalarini qimirlatdi. Bu nima ekan deb qaradim va vrachimga telefon qildim. Vrachim keldi. Bitta bola tagida qolib ketgan ekan”, degan hamshira.

Egizak qizaloqlarni uy yo‘lagiga ayol kishi qoldirib ketgan. Uning harakati ko‘p qavatli uydagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan. Ayol niqob taqqan, ro‘molga o‘ranib olgan holatda bo‘lgan.

“Birinchi navbatda bolalarning ahvolini ko‘rdik, ambulator xonasiga tushirib, yurak urishini tekshirdik. Egizaklarning ikkalasi ham sog‘lom. Keyin IIBga murojaat qildik. IIB xodimlari kelib, vaziyatni o‘rgandilar. Bolalarning onasi shu massiv aholisidan, deya taxmin qilyapmiz. Sababi, u bu yerda klinika borligini bilgan”, deya ta’kidlagan xususiy klinika rahbari Bahriddin Doniyorov.

Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori o‘rinbosari Dilshod Rahmonovga ko‘ra, hozirda egizaklarning ahvoli yaxshi, ular to‘liq nazoratga olinib, parvarish qilinmoqda.

“Chaqaloqlarning biri 2,3 kg, ikkinchisi 2,4 kg vaznda. Ular markazimizda to‘liq klinik va laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Bolalar sog‘lom, ularda boshqa nuqsonli yoki patologik holatlar aniqlanmadi. Hozirgi vaqtda egizaklar markazimizning neontologiya bo‘limida parvarish qilinmoqda. Mutaxassislarimizning fikri va o‘tkazilgan tekshiruvlarga qaraganda egizaklarning tug‘ilganiga 4-5 kun bo‘lgan”, degan Dilshod Rahmonov.

Qayd etilishicha, hozircha bolalarni tashlab ketgan ayolning shaxsi ma’lum emas.

Mavzuga oid