Ozarboyjon fuqarosi “Krokus”dagi terakt vaqtida yuzdan ortiq odamni qutqardi
Majmuada ofitsiant bo‘lib ishlagan Komil Nasibov o‘q ovozlariga qaramay konsert zali binosiga qaytib borib, odamlarni tashqariga chiqishiga yordamlashgan. Tasodifan chirog‘i yoniq telefonni topib olib, unga qo‘ng‘iroq qilgan jabrlanuvchi qizning qutqarilishiga ham hissa qo‘shgan. Bu haqda xabar bergan Telegram-kanal avvaliga Nasibov o‘zbekistonlik ekanini yozgandi, keyinroq u Ozarboyjon fuqarosi ekani ma’lum qilindi.
Rossiyada yashovchi Ozarboyjon fuqarosi Komil Nasibov Moskva yaqinidagi “Krokus” konsert zalida ro‘y bergan terakt vaqtida yuzdan ortiq odamni qutqarib qoldi. Bu haqda “Shot” Telegram-kanali xabar bermoqda. Kanaldagi xabarning birlamchi talqinida Nasibov O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilgandi, keyinroq xabarga o‘zgartirish kiritilib, u ozarboyjonlik ekani ma’lum qilindi.
Komil Nasibovning aytishicha, u fojia ro‘y bergan kuni do‘sti bilan qo‘shimcha ish sifatida “Krokus”da ofitsiantlik qilgan. Ularning ish smenasi 19:55 da tugagan. Ko‘chaga chiqishgach, o‘q ovozlarini eshitishgan va qo‘rqib eng yaqin binoga yashirinishgan. Lekin keyin ortga qaytishga qaror qilishgan.
Komil o‘qdan yaralangan bir necha kishini avtomobil yo‘li yoqasiga sudrab chiqqan, mashina to‘xtatib, oqsoqlanayotgan bir ayolni unga o‘tqizgan, konsertga kech qolganlarni esa qaytarib yuborgan. Bino ichida esa u eshiklarni buzib, odamlarga qayerga qochish kerakligini ko‘rsatib turgan.
“Hamma tutun ichida qolganida pastki qavatdagi koridorlardan birida taxminan 80 kishidan iborat odamlar guruhini ko‘rib, ularga tashqariga chiqishga yordam berdim. Odamlarni qidirib yugurib yurganimda chirog‘i yongan holda polda yotgan telefonga ko‘zim tushdi va yo‘lni yoritish uchun uni oldim. Telefon jiringlab qoldi – Kamilla ismi yozilgan edi, go‘shakda bir qiz baland ovozda qichqirib, qutqarishlarini so‘radi. O‘ qattiq qo‘rqib ketgandi, atrofida hamma narsa yonayotgani, ikkinchi qavatda ekanini aytdi”, – deya so‘zlab bergan u.
Komil qiz telefon qilgan vaqtda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarining oldida turgan, qizning aytganlarini ularga yetkazgan. Shundan keyin qutqaruvchilar uning o‘zini ham tutundan bo‘g‘ilgan holatida binodan olib chiqishgan. Qizni esa topishgan, keyinroq Komil topib olingan qutqaruvchilar orqali unga telefonni qaytarib bergan.
Avvalroq asli Qirg‘izistondan bo‘lgan oilaning 15 yoshli farzandi Islom Xalilov ham “Krokus”da yuzdan ortiq odamni qutqarib qolgani haqida xabar berilgandi. U majmuada garderobchi bo‘lib ishlagan.
Mavzuga oid
22:00 / 13.04.2024
Teraktlar: uzoq muddatli oqibatlar qanday bo‘ladi?
16:23 / 30.03.2024
Nega terrorizm siyosatning instrumenti bo‘lib qoldi?
21:50 / 28.03.2024
Nima uchun «Krokus»da kerakli pallada xavfsizlik kuchlari yo‘q edi?
22:19 / 27.03.2024