Jahon | 18:41 / 30.03.2024
5072
4 daqiqa o‘qiladi

Fahrettin Altun: Mahalliy saylovlar barcha viloyatlarni “Turkiya asri” g‘oyasiga tayyorlaydi

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Kun.uz'ga Turkiya Respublikasi prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i professor Fahrettin Altunning yaqinlashib kelayotgan mahalliy saylovlar haqidagi izohlarini taqdim etdi.

Fahrettin Altunning qayd etishicha, Turkiya 1946 yilda ko‘ppartiyaviylik joriy qilinganidan beri muntazam, adolatli va shaffof saylovlar o‘tkazilgan mamlakatlar ro‘yxatining boshida kelmoqda.

“Adolatli, shaffof va muntazam saylovlar – zamonaviy demokratik davlatlarning eng asosiy unsuridir. Demokratiyanıng minimal sharti shundan iboratki, boshqaruvchilar o‘z vakolatlari va hokimiyat kuchini saylovchilardan, ya’ni boshqariluvchilardan oladilar. Bu vakolatlar muntazam o‘tkazilib boriladigan saylovlar orqali yangilanib boradi. Saylovlar orqali saylovchilar o‘z nomzodlarining siyosati va faoliyatiga ovoz beradi, ularni ijobiy yoki salbiy ma’noda baholaydi”, – deya yozadi professor.

Turkiyada ertaga – 31 dekabr, yakshanba kuni mahalliy hokimiyat organlari uchun saylovlar bo‘lib o‘tadi. Uning muhim jihatlaridan biri – bu saylovlardan keyin 4 yil davomida Turkiyada boshqa yangi saylovlar bo‘lmaydi.

“Bundan tashqari, “Turkiya asri”ga yangi va fuqarolik konstitutsiyasi bilan kirish maqsadi kelgusi 4 yilning eng muhim ideali va kun tartibi bo‘ladi. Ushbu qarash doirasida Turkiya demokratik standartlarini yuksaltirgan, daromad va farovonlik darajasini oshirgan, mintaqaviy va global aktyor bo‘lish da’vosi bilan “Turkiya asri”ni barpo etish uchun harakat qilishda davom etadi. Turk dunyosida mintaqaviy hamkorlik va sheriklik aloqalarini oshirish orqali “Turkiya asri”ning “Turkiy dunyo asri”ga aylanishini ta’minlash bu davrda ham ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qoladi.

Bizning eng asosiy siyosiy shiorimiz – Turkiy Davlatlar Tashkilotining yanada muhim ahamiyatga ega bo‘lishi va turk dunyosi muammolariga doimiy yechim topishda yanada ta’sirli va samarali bo‘lishiga erishishdir. Qolaversa, Turkiyaning, avvalo FETO va IShID kabi terroristik tashkilotlariga qarshi kurashini ham qamrab olgan siyosiy xassos masalalarda do‘st va qardosh turkiy davlatlardan eng asosiysi bahamjihatlik ko‘rsatishlarini kutib qolamiz”, – deydi Fahrettin Altun.

Uning qayd etishicha, 31 mart kungi saylovlar Turkiyaning barcha viloyatlarini, ayniqsa Istanbul va Anqara kabi shaharlarini “Turkiya asri”ga tayyorlaydi. Saylovdan keyingi eng muhim vazifalarimizdan biri – milliy taraqqiyot, 6 fevraldagi zilziladan zarar ko‘rgan shaharlarni tiklash va qayta qurish, Istanbul kabi zilzila xavfi yuqori bo‘lgan shaharlarni chidamli shaharlarga aylantirish bo‘ladi.

“Turkiya bundan buyon ham shu paytgacha bo‘lganidek, saylovlarni demokratik tamoyillar doirasida o‘tkazadi, amaldagi hukumati ham, muxolifati ham birdek saylov natijalariga hurmat bilan qaraydi va eng muhimi xalqaro maydonda barqarorlashtiruvchi kuch sifatida “Turkiya asri”ni barpo etishda davom etadi. Shuning uchun ham 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy boshqaruv organlariga saylovlarni ichki va tashqi dinamikasi jihatidan Turkiyaning kelajakdagi o‘n yillik marralariga eltishga qodir bir saylov deyish mumkin”, – deya ta’kidlagan Turkiya Respublikasi prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i.

Mavzuga oid