O‘zbekiston | 10:01 / 31.03.2024
7618
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qalbaki pullar berib fuqarolarni aldagan 2 nafar shaxs ushlandi

Ular o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga soxta dollarlarni o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkentda fuqarolarga soxta pullarni o‘tkazib kelgan ikki yigit ushlangan. Bu haqda shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Bektemir tumanida Azim ismli yigit telefonini sotmoqchi bo‘lganida unga ikki yigit xaridor bo‘ladi.

Yigitlar telefonni Azimdan 300 dollarga sotib olishadi va unga pullarni berib ketishadi. Biroq ko‘p o‘tmasdan pullar soxta ekani oydinlashadi.

Chuv tushganini anglagan Azim darhol IIBga murojaat qiladi. IIB xodimlarining tezkor surishtiruvlari natijasida Azimga soxta dollarlarni berib ketgan 1990 va 1998 yilda tug‘ilgan yigitlar ushlanadi.

Dastlabki surishtiruvda ikki yigit o‘zaro til biriktirib tanishidan olgan soxta 1600 dollarni fuqarolarni aldab berib kelayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Bektemir tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ikki yigitga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid