Jahon | 21:47 / 02.04.2024
24762
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya terakt haqida AQSh tomonidan ogohlantirilganini tan oldi

Ammo uning oldini olish uchun yetarli ma’lumot bo‘lmagani ta’kidlandi. 

Foto: AFP

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) yaqinlashib kelayotgan terakt haqida bilgan, AQSh maxsus xizmatlaridan ogohlantirish olgan, biroq ma’lumotlar «Krokus»dagi teraktning oldini olish uchun yetarli emas edi. Bu haqda Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ma’lum qildi. 

«Ha, haqiqatan ham Federal xavfsizlik xizmati AQSh maxsus xizmatlaridan bu haqda ma’lumot oldi. Ammo ma’lumotlar juda umumiy edi va bu dahshatli jinoyatda ishtirok etganlarni to‘liq aniqlashga imkon bermadi», dedi u. 

Avvalroq FXX direktori Aleksandr Bortnikov Qo‘shma Shtatlar haqiqatan ham mamlakatda terakt tayyorlanayotgani haqida Rossiyaga ma’lumot uzatganini va rasmiylar «buning oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rganini» ma’lum qilgandi. 

Reuters agentligining yozishicha, «Krokus»ga qilingan hujumdan sal avval Eron ham Rossiyani IShID afg‘on bo‘linmasi tomonidan terakt tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgan. Eron razvedka xizmati bu ma’lumotni IShID jangarilarini so‘roq qilish vaqtida olgan bo‘lishi mumkin. 

«Krokus»dagi teraktdan 3 kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb tomonidan teraktlar haqida berilgan ogohlantirishlarni ochiqdan-ochiq shantaj deb atadi. 

«So‘nggi paytlarda bir qator rasmiy G‘arb tuzilmalarining Rossiyada teraktlar sodir etilishi mumkinligi haqidagi provokatsion bayonotlari, bularning barchasi ochiqdan-ochiq shantaj va jamiyatimizni qo‘rqitish va beqarorlashtirish niyatiga o‘xshaydi», degan edi Putin.

Mavzuga oid