Jahon | 07:31 / 09.04.2024
15796
6 daqiqa o‘qiladi

Suv bosgan Orskda yordam talab qilgan aholi mitingga chiqdi

Orskda toshqindan jabr ko‘rgan yuzlab aholi mitingga chiqdi. Rasmiylar aksiyani noqonuniy deb e’lon qildi, ammo yakunda shahar meri va Orenburg viloyati gubernatori mahalliy aholi bilan uchrashdi.

Foto: Sergey Nikiforov/NEWS.ru

Orenburg viloyati Orsk shahrining yuzlab aholisi mahalliy to‘g‘on yorilishi oqibatida bir qancha hududlar suv ostida qolganidan keyin shahar markazida norozilik namoyishi o‘tkazdi. 8 aprel, dushanba kuni ular suv toshqinidan jabrlanganlarga to‘lovlarni oshirishni talab etdi va mahalliy hokimiyatni tanqid qildi.

Namoyishchilar to‘lovlar hajmidan noroziligini bildirdi, shuningdek, to‘g‘on falokatga sabab bo‘lgan qoidabuzarliklar bilan qurilganini aytishdi. «Ostorojno, novosti» Telegram-kanaliga ko‘ra, yig‘ilganlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yordam so‘rab murojaatnoma yozgan.

Rasmiylar aholini tabiiy ofat oqibatlarini mustaqil bartaraf etishga chaqirdi

Mahalliy Telegram-kanallari xabariga ko‘ra, politsiya miting o‘tkazilishiga xalaqit bergan, xavfsizlik kuchlari esa yig‘ilganlarni uning noqonuniyligi haqida ogohlantirgan. Keyinchalik namoyishchilar soni ortib, shahar rahbari Vasiliy Kozupitsa ularning oldiga kelib, shahar ma’muriyatida muzokaralar o‘tkazish uchun tashabbus guruhi tuzishni taklif qildi. Namoyishchilarning bir necha vakillari bilan uchrashuvda shahar hokimi yetkazilgan zararni baholash va tovon miqdorini aniqlash bo‘yicha komissiya tashkil etilishini, shuningdek, uy-joy qurilishi uchun to‘lovlarni va’da qildi. 

Bundan tashqari, viloyat gubernatori Denis Pasler jabrlangan aholi bilan uchrashdi. U telefonlarni o‘chirib, shikoyat qilmaslikni, aksincha, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda birdamlik va vatanparvarlik ko‘rsatishni talab qildi, deb yozadi «7x7 – Gorizontalnaya Rossiya» nashri. Pasler jabrlanganlarni o‘z hisobidan qutqarayotgan odamlarga ishora qilib, ularni «haqiqiy vatanparvarlar» deb atadi. Yigirmaga yaqin mahalliy aholi ishtirok etgan yig‘ilishdan so‘ng hokimiyat 2025 yilda yangi to‘g‘on qurilishi uchun mablag‘ ajratishga va’da berdi. Bundan tashqari, yangi yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan, unda ish natijalari e’lon qilinadi, deb yozadi «Ostorojno, novosti».

Ushbu nashrga ko‘ra, miting natijasida qo‘lga olinganlar bo‘lmagan. Avvalroq Orenburg viloyati prokuraturasi ushbu voqea rasmiylar bilan kelishilmagani haqida xabar e’lon qilgan edi. Shuningdek, u unda ishtirok etish uchun javobgarlik haqida ogohlantirdi. 

Ilek qishlog‘i yaqinida suv sathi xavfli darajadan oshib ketgan 

Ayni paytda, Ilek qishlog‘ida joylashgan Ural daryosidagi suv sathi prognozdan ertaroq xavfli darajadan oshib ketdi. «Ilek tumanida 8 aprel 16:00 holatiga ko‘ra, Ilek qishlog‘ida Ural daryosi sathi 892 smga yetdi», — deyiladi tuman hokimligining Telegram’dagi xabarida. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Ilek qishlog‘ida Ural daryosidan to‘g‘onni mustahkamlash va kengaytirish ishlari olib borilmoqda. 

Viloyat markazi hududida ham suv sathi faol ravishda ko‘tarilib, xavfli darajaga yaqinlashdi. «Orenburg Gidrometeorologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 8 aprel kuni soat 14:00 da suv sathi ko‘tarilgan. Ertalabki soat 8 dan boshlab Ural daryosi 21 santimetrga ko‘tarildi va 893 santimetrni tashkil etdi», - deya ma’lum qildi Orenburg meriyasi. Rasmiylarga ko‘ra, vaziyat keyingi ikki kun ichida faqat yomonlashadi. «Toshqin zonasida joylashgan orenburgliklar uyini tark etishi kerak», - deydi viloyat hokimiyati. 

10 aprelda toshqin eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi kutilmoqda

Orenburg viloyatida 10 aprelda kutilayotgan suv toshqinining eng yuqori cho‘qqisida bir qator aholi punktlari suv toshqini zonasida bo‘ladi, deb yozadi «Interfaks» gubernator matbuot xizmati va Rogidromesentrga tayanib. Shuningdek, hozirda Orenburgda ikki mingga yaqin uy suv ostida qolgani, so‘nggi bir kunda ularning soni qariyb ikki yuztaga ko‘paygani, ular orasida 8500 dan ortiq tomorqa yerlari borligi qayd etilgan. 8 aprel kuni ertalab viloyatda 10 mingdan ortiq uy va 20 mingga yaqin tomorqa yerlari suv ostida qolgan.

6000 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi, ulardan 1500 ga yaqini bolalar, 1200 dan ortiq evakuatsiya qilinganlar vaqtinchalik joylashtirish markazlarida bo‘lib turibdi. «Iriklin suv omboridan Ilek qishlog‘igacha bo‘lgan Ural daryosi bo‘yida vaziyat 25 apreldan oldin normallashishi kutilmayapti», — deya qo‘shimcha qildi gubernator. 

Orenburg viloyatida suv toshqini 

8 aprel kuni 90 ming aholiga ega Orenburg viloyatining Novotroitsk shahrida himoya to‘g‘onidan suv toshib ketdi. To‘g‘on 1957 yilda katta toshqindan keyin qurilgan va shahar hududini toshqin davrida Sazane ko‘lini to‘ldiradigan suvdan himoya qiladi. Suv sathi 8,5 metrni tashkil etadi, deb xabar beradi «Interfaks». 

4 apreldan boshlab mintaqada suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli mintaqaviy favqulodda holat rejimi, 7 apreldan federal favqulodda holat rejimi joriy etildi. Mahalliy hokimiyat Orenburg viloyatining Orsk shahridagi vaziyatni og‘ir deb baholamoqda. 7 aprel kuni ertalab gubernator va viloyat hukumati matbuot xizmati Orenburg viloyatidagi suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat «eng yomon ssenariy bo‘yicha rivojlanayotganini» ma’lum qildi. 

Mavzuga oid