“Activist” loyihasi tugatildi, muallif sabablarini keyinroq ma’lum qilishini aytdi
Do‘konlardagi mahsulotlar muddati va sifati haqida ma’lumot beruvchi “Activist” loyihasi butunlay o‘z faoliyatini yakunladi. Loyiha muallifi Hojiakbar Nosirov uning sabablarini batafsil intervyularda tushuntirishini aytib, 6 xil ko‘rinishdagi yangi loyihalar boshlayotganini ma’lum qildi.
Katta va kichik do‘konlarda sayyor “reyd”lar o‘tkazib, mahsulotlar muddati va sifati haqida ma’lumot beradigan “Activist” loyihasi tugatilgani e’lon qilindi. Bu haqda Ramazon hayiti kuni, 10 aprel sanasida muallif Hojiakbar Nosirov loyihaning You tube’dagi sahifasiga joylangan videomurojaatda ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hozircha tugatilish sabablariga to‘xtalib o‘tilmaydi, keyinroq Nosirov ishtirokidagi intervyularda bu haqda so‘z yuritilishi kutilmoqda.
“Guvohi bo‘lganingizdek, juda ham ko‘p tuhmat va bosimlarga uchrashimga to‘g‘ri keldi. Hattoki, oilam bilan bo‘lgan tahdidlarga qaramasdan bu yo‘lda davom etdim. Chunki sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz va o‘z maqsadimga erishmaguncha bo‘lgan motivatsiya judayam kuchli dalda berardi.
Endi-chi? Endi nima o‘zgardi degan savolga javobim: O‘zbekistondagi barcha katta supermarketlar va ulardan tashqari judayam ko‘p kichkina marketlardagi katta o‘zgarishlar sababchisi bo‘ldik. Hozir har qanday do‘konga kirgan va bizni kuzatgan inson sotib olayotgan narsasiga bitta nazar tashlashni boshladi. Va bu bizning eng katta yutug‘imiz deb bemalol aytish mumkin”, – deydi u.
Hojiakbar Nosirovning qo‘shimcha qilishicha, kelgusida “Activist”ning o‘rniga 6 xil ko‘rinishdagi yangi loyihalar ishga tushirilishi reja qilingan.
“[Bu] loyiham eski loyihamga qaraganda insonlarga yuz baravar ko‘proq foyda berishiga ishonaman va unga erishish uchun eski loyihadan to‘liq voz kechishni to‘g‘ri deb hisobladim. 2 yillik faoliyatim davomida kimdirning ko‘ngliga bilib-bilmay ozor berib qo‘ygan bo‘lsam, chin dildan uzr so‘rayman”, – deya yakunlaydi u o‘z so‘zini.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil aprel oyida loyiha muallifi Hojiakbar Nosirov o‘z videolaridan birida bir qator brendlarning yogurt mahsulotlari tarkibida karmin moddasi borligi uchun ularni iste’mol qilmaslik kerak deyishi ortidan “diniy adovat qo‘zg‘atuvchi material” tarqatishda ayblanib, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
15 sutkalik qamoqni o‘tayotgan vaqtida Nosirovning vafot etganiga oid mish-mishlar ham tarqalgandi. May oyida Bosh prokuratura matbuot xizmati unga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va u vafot etgani haqidagi mish-mishlarni rad etgandi. Bloger 15 sutkalik qamoq muddatini o‘tab, 23 aprel kuni ozodlikka chiqqani ta’kidlangandi.
Prokuraturaning izohidan bir hafta o‘tib, muallif Instagramʼdagi sahifasi orqali muxlislariga murojaat yo‘llab, faoliyatini yakunlash niyatida emasligini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid
11:41 / 11.05.2023
«Ozodlikdaman, o‘lib ketganim yo‘q» – Activist loyihasi muallifi 15 sutkaga qamalganidan so‘ng ilk marta ommaga ko‘rinish berdi
18:19 / 04.05.2023
Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov ozodlikka chiqqan
12:47 / 17.04.2023
“Dinga bog‘lab ayblov qo‘yish va qamab qo‘yish asossiz” – advokat “ACTIVIST” ishi haqida
16:31 / 14.04.2023