O‘zbekiston | 12:45 / 16.04.2024
15267
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondan O‘zbekistonga qaytarilgan sifatsiz benzin Rossiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgani aytildi

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, Afg‘oniston tomonidan qaytarilib yuborilgan 120 tonna neft mahsulotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan. Mazkur sifatsiz benzin Rossiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Foto: Telegram / rtadari1

«Tolibon» standartlari milliy boshqarmasi Hayraton portidan hajmi 120 ming litrga yaqin ikkita neft vagonlarini O‘zbekistonga qaytargani haqida xabar berilgandi.

Bojxona qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonga qaytarilgan sifatsiz benzin Rossiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

«2024 yil 20 yanvar kuni Rossiyadan (yuk jo‘natuvchi AO Orsknefteorgsintez) Afg‘onistonga (yuk qabul qiluvchi BASHIR NAVID PETROLEUM LTD) yuborilgan 2 ta temiryo‘l sisternalarida 120 tonna «avtomobilnyy benzin neetilirovannyy» mahsulotlari Qozog‘istondan Sariyog‘och – Chuqursoy stansiyalari orqali O‘zbekistonga kirib kelgan. Ushbu sisternalar 2024 yil 7 fevral kuni Surxondaryo viloyati Ayritom stansiyasi orqali Afg‘onistonga chiqib ketgan.

Afg‘oniston tomonidan qaytarilgan mazkur neft mahsulotlari 2024 yil 6 aprel kuni Ayritom stansiyasi orqali O‘zbekistonga kirib kelgan», deyiladi qo‘mita izohida.

Bojxona qo‘mitasi afg‘onistonlik hamkorlarini ikki tomonlama do‘stona munosabatlarni inobatga olgan holda, tekshirilmagan va asossiz xabarlarni shoshmashosharlik bilan tarqatmaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid