O‘zbekiston | 07:54 / 19.04.2024
3045
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasiga 50 dona ko‘rik majmuasini topshirdi

Bojxona qo‘mitasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi bojxona hamkorligining hozirgi holati va istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.

Tadbir doirasida Bojxona qo‘mitasida AQShning Eksport nazorati va chegara xavfsizligi (EXBS) dasturi doirasida 50 dona ST-40 ko‘rik majmuasini qabul qilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

AQSh elchisi J.Xenik ushbu uskunalar chegara xavfsizligi va xizmat faoliyati samaradorligini oshirishda o‘z samarasini berishini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, AQSh elchixonasi Bojxona qo‘mitasi uchun dolzarb va ustuvor hisoblangan yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan mamnun ekanligini qayd etdi. AQShning Qurolsizlantirish va ularning tarqalishini oldini olish fondi loyiha boshqaruvchisi D.Xirsh esa kelgusida Bojxona qo‘mitasi uchun zarur bo‘lgan uskunalarni tanlash bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish mumkinligini bildirdi.

Uchrashuvda joriy yilning 18-19 aprel kunlari Bojxona institutining Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetida AQShning EXBS dasturi tomonidan Bojxona qo‘mitasi xodimlari uchun ST-40 ko‘rik majmuasidan samarali foydalanish bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazilishi rejalashtirilib olindi.

Mavzuga oid