Toshkentda mansabdor shaxslarning ekologiya xodimlariga bosim o‘tkazgani yuzasidan tekshiruv boshlandi
Poytaxtning Yakkasaroy, Uchtepa va Shayxontohur tumanlarida ekologiya xodimlaridan ekilmagan daraxtlarni “Yashil makon” platformasiga kiritish talab qilingani aytilmoqda. Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, hokimliklar, IIB va prokuratura mansabdorlari platformaga amalda ekilmagan daraxtlar haqida ma’lumot kiritishga urinib, ekologiya xodimlariga bosim qilgan. Holat yuzasidan Bosh prokuratura tekshiruv boshladi.
“Yashil makon” doirasidagi ko‘chat ekish ishlari joylarda ko‘zbo‘yamachilik va bosim o‘tkazishga o‘tib ketdi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev.
Qayd etilishicha, reja bo‘yicha Toshkent shahrida bahor mavsumida 600 ming dona ko‘chat ekilishi belgilangan. Tartibga ko‘ra, ekilgan ko‘chatlar tuman hokimliklaridagi shtablar tomonidan “Yashil makon” platformasiga kiritiladi. So‘ng bu ma’lumot tuman ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan joyiga borib tekshirilgach, tasdiqlanadi.
Kusherbayevga ko‘ra, o‘tgan vaqtda poytaxtda “Yashil makon” platformasiga kiritilib, haqiqatda ekilmagan 41 mingdan ortiq ko‘chatlar ekologiya xodimlari tomonidan tasdiqlanmagan. Bu esa tuman hokimliklari, IIB va prokuratura tomonidan ekologiya xodimlariga bosim o‘tkazilishiga olib kelgan.
“Xususan, Yakkasaroy tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i K.Bekturganov 29 mart kuni tungi soat 03:00da ichki ishlar xodimlari tomonidan uyidan olib ketilib, ekilmagan daraxtlarni “Yashil makon” platformasiga kiritib, tasdiqlash talab qilingan. K.Bekturganov chamasi 10 soatlar ichki ishlar xodimlari tomonidan noqonuniy ushlab turilgan.
Bundan tashqari 30 mart kuni kunduzgi soat 10:00da Shayxontohur tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i X.Miraxmedov chamasi 3 soatlar tuman prokuraturasida noqonuniy ushlab turilib, ekilmagan daraxtlarni “Yashil makon” platformasiga kiritish hamda tasdiqlash talab qilingan.
Shuningdek, Uchtepa tumani hokimligi tomonidan 03.04.2024 yilda Uchtepa tumani ekologiya bo‘limi xodimlari o‘z ishxonasiga, ya’ni tuman ekologiya bo‘limi xonasiga kiritilmay bosim o‘tkazilgan”,– deyiladi xabarda.
Vazir maslahatchisining aytishicha, bu kabi holatlar boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda va barchasi jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda o‘rganib borilmoqda.
“Biz Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Yashil makon" loyihasining bu kabi bosim va ko‘zbo‘yamachiliklarga aylantirilishiga qarshimiz hamda ekologiya xodimlariga nisbatan bu kabi bosimlar to‘xtatilishini talab qilamiz.
Ishonamizki, O‘zbekiston xalqi va davlatimiz rahbari "Yashil makon" loyihasining haqqoniy va xolis amalga oshirilishi tarafdori”, – deydi Kusherbayev.
Yuqoridagi vaziyat yuzasidan Bosh prokuratura tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, keltirilgan har bir holat o‘rganilib, unda e’tirof etilgan davlat organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.
Mavzuga oid
19:16 / 21.10.2024
Keyingi yilda «Yashil makon» dasturi uchun 100 milliard so‘m ajratiladi
23:07 / 07.08.2024
“Yashil makon”: 1 mln ko‘chat qo‘shib yozilgan, 580 mingtasi suvsiz hududlarga ekilgan - Bosh prokuratura
15:47 / 23.07.2024
Navoiyda “Yashil makon” loyihasiga mas’ul 53 shaxs 180 million so‘m jarimaga tortildi
21:32 / 10.06.2024