Jahon | 09:53 / 22.04.2024
5046
2 daqiqa o‘qiladi

Armanistonning Kirans qishlog‘idagi namoyishchilar oldiga maxsus kuchlar yuborildi

Kirans aholisi Yerevan va Boku o‘rtasida chegarani belgilash bo‘yicha kelishuvlarga qarshi norozilik bildirmoqda. Ular maxsus kuchlar tahdidiga qaramay, «o‘z o‘rnida qolishda davom etmoqda», deya xabar beradi arman matbuoti.

Foto: armeniatoday.news

Armanistonning Kirans qishlog‘iga maxsus kuchlar otryadi jo‘natildi, uning aholisi 19 apreldan beri M6 davlatlararo avtomagistralining Voskepar-Kirans qismini to‘sib qo‘ygan. Bu haqda Armanistonning Hraparak axborot portali 21 aprel, yakshanba kuni kechqurun Milliy majlisning «Armaniston» fraksiyasi a’zosi Garnik Danielyanga tayanib xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kirans aholisi maxsus kuchlar tahdidiga qaramay, «o‘z joyida qolishda davom etmoqda».

Tavush viloyati aholisining itoatsizlik harakati 

19 aprel oqshomidan beri Tavush viloyati aholisi Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga qarshi norozilik bildirmoqda. Yerevan va Boku o‘rtasidagi yangi kelishuv 1990-yillardan beri Armaniston nazoratida bo‘lgan Tavush viloyatidagi to‘rt qishloqni Ozarboyjon tomoniga o‘tkazishni nazarda tutadi. 

«Novosti-Armeniya» agentligiga ko‘ra, namoyishchilar kelishuvlardan norozi, chunki Ozarboyjon harbiy postlari aholi gavjum joylarga juda yaqin joylashgani sababli ularning xavfsizligi xavf ostida. 

Yerevan va Boku o‘rtasida chegarani belgilash bo‘yicha kelishuv

19 aprel kuni Armaniston tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Boku chegarani delimitatsiya jarayonini boshlashga avvalroq kelishib olgani haqida xabar berdi. Davlatlar SSSR parchalangan paytda mavjud bo‘lgan chiziq bo‘ylab Tavush viloyatining to‘rtta aholi punkti o‘rtasidagi chegaralarni kelishib oldi. Armaniston va Ozarboyjon yaqin vaqt ichida kelishilgan hududlardan qo‘shinlarini olib chiqib, u yerda chegara postlarini joylashtirishga rozi bo‘ldi.

Mavzuga oid