Jamiyat | 12:10 / 22.04.2024
67819
5 daqiqa o‘qiladi

Xom go‘shtni yuvib ishlatish kerak emas. Nega?

Ko‘pchilik millatlarning oshxona an’analariga ko‘ra xom go‘sht yuvib ishlatiladi. Lekin go‘shtni yuvib ishlatish unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmasligi, zararli bakteriyalar tarqalishiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Go‘sht oqsil, temir, vitamin B12 va boshqa zaruriy moddalarga boy, mazali ozuqa sifatida ratsionimizdagi asosiy yeguliklardan biri bo‘lib qolgan. Lekin shuncha foydasiga qaramay go‘sht, ayniqsa, tovuq va baliq go‘shtlari o‘zida turli patogenlar — bakteriya va viruslarni olib yurgani tufayli ovqatdan zaharlanishga sababchi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun go‘sht xavf yuqori bo‘lgan oziq-ovqatlar turiga kiradi.

Dunyodagi ko‘plab taom pishirish an’analariga ko‘ra, go‘shtni yuvib ishlatish oshxonada tozalikka rioya qilishning zaruriy sharti sifatida ko‘riladi. Uni yuvishda limon sharbati yoki oq sirka kabilardan ham foydalaniladi.

Go‘sht qanday yuviladi?

Odatda, go‘sht bo‘lagi butun yoki to‘g‘ralgan holatda oqar suvda yuviladi va shu tarzda undagi ortiqcha yog‘, teri yoki boshqa nokerak jismlar olib tashlanib, tozalanadi.

Ba’zida go‘shtni oqar suvda yuvishdan oldin turli aralashmalar bilan ishlov berish mumkin. So‘ng u yuvilib, muzlatiladi yo pishiriladi.

Ba’zi hududlarda yangi so‘yilgan hayvon go‘shtlari sotiladigan bozorlar yoki tanlangan hayvonlar maxsus so‘yib beriladigan qassobxonalar bo‘ladi. Bunday paytda so‘yish amaliyoti tugagach go‘shtdagi turli suyak va agar bo‘lsa, qon qoldiqlarini yuvish odatiy holatdir.

Xom go‘shtda ovqatdan zaharlanishga sabab bo‘luvchi turli bakteriya va viruslar bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqatdan kelib chiqadigan odatiy patogenlar orasida salmonella, listeria, kampilobakteriya kabi bakteriyalar mavjud.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) go‘shtni yuvish oshxonada rakovina, stol usti va boshqa yuzalarda mikroblar tarqalishiga sabab bo‘lishi xavfidan ogohlantirgan.

Go‘sht yuvilganda undagi bakteriyalar tarqalib, xom tarzda iste’mol qilinadigan meva va salatlarga yuqib qolishi xavfi bor. Shuning uchun bu jarayon odamlarga qo‘shimcha zarar berishi, kuchli ehtiyot choralarini ko‘rishni talab etishi mumkin.

Xom go‘sht yuvilishi natijasida rakovinaga tarqalgan bakteriyalarni shunchaki ko‘pikli suv bilan yuvib tozalab bo‘lmaydi. Ular boshqa narsalarga "ilakishib" qoladi.

Shuning uchun ham to‘g‘ri yechim — go‘shtni yuvmaslik.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) go‘shtni yuvish orqali boshqa mahsulotlarni qanday qilib zararlash mumkinligiga oid videotushuntirish e’lon qilgan.

Shuningdek, oshxona gigiyenasiga amal qilish borasida tavsiyalar berib o‘tadi:

Yuvish. Qo‘llarni oshxonada ishlarni tugatib bo‘lgach ham, kamida 20 soniya sovunli suvda ishqalab yuvish lozim. Oshxona yuzalarini ovqat pishirishdan oldin va keyin ham tozalash zarur.

Ajratish. Xom va pishgan narsalarni bir-biridan alohida idishlarda saqlash zarur.

Pishirish. Go‘shtda bakteriyalar bo‘lmasligi uchun uni yetarlicha pishirish kerak.

Go‘shtni sovitkichda to‘g‘ri sharoitda saqlash lozim.

Shimoliy Karolina universiteti professori Benjamin Chapmanning aytishicha, tovuq go‘shti yuvilgach rakovina yuzasi xuddi tovuqning sirtidagi kabi mikroblar bilan o‘ralgan xavfli bo‘lib qoladi.

"Go‘shtdagi mikroblarni yuvish orqali emas, pishirish orqali o‘ldirish kerak. Pishirganda go‘shtdagi mikroblar chayganga qaraganda 10 ming marta kamayadi", deydi u.

Bundan tashqari, go‘shtni yuvish nafaqat sog‘liq uchun xavf tug‘diradi, balki u oziq-ovqatning sifati va to‘yimliligini ham kamaytirishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, go‘shtni yuvish uning tarkibidagi oqsil miqdorini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Go‘shtdagi lazzat xususiyati asosan, uning tarkibidagi oqsillar va boshqa elementlarning o‘zaro ta’siridan kelib chiqadi.

Mavzuga oid