Jahon | 10:30 / 23.04.2024
2087
3 daqiqa o‘qiladi

London Ruandaga noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilishni boshlaydi

Hukumat bosimi ostidagi shov-shuvli qonun loyihasi 23 aprel, seshanbaga o‘tar kechasi Lordlar palatasi tomonidan ma’qullandi.

Foto: Henry Nicholls / Reuters

Britaniya parlamentining yuqori palatasi hukumat bosimi ostida Britaniya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarni Ruandaga deportatsiya qilish bo‘yicha bahsli qonun loyihasini qabul qildi. Qonun loyihasi Lordlar palatasi tomonidan 23 aprel, seshanbaga o‘tar kechasi ma’qullangan. Avvalroq Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak seshanbagacha, parlament qonunni ma’qullash uchun zarur bo‘lgan vaqtgacha o‘tirishini ma’lum qilgan edi. Sunak: «Hech qanday «yo‘q» bo‘lmaydi. Bu reyslar Ruandaga boradi» dedi. Parlamentning har ikki palatasida qabul qilingan qonun loyihasi Britaniya qiroli Charlz III tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Britaniyaga noqonuniy kirgan barcha muhojirlar Ruandaga tijoriy reyslar orqali chiqarib yuboriladi va u yerda boshpana so‘rashi mumkin. Ular Britaniyaga qaytarilmaydi. Hukumat bu choralar bilan har yili o‘n minglab muhojirlar o‘tadigan xavfli La-Mansh bo‘yi orqali noqonuniy migratsiya oqimini to‘sib qo‘ymoqchi va odam kontrabandachilarining biznesini yo‘q qilmoqchi, deya qayd etadi Reuters. 

Ruandaga sarmoya evaziga qochqinlar

Ruanda bilan hamkorlik qilish tashabbusi birinchi marta Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson tomonidan 2022 yilda e’lon qilingan edi. Shartnomada London Ruandaga noqonuniy muhojirlarni yuborishi va Ruanda iqtisodiy rivojlanish uchun Londondan millionlab dollar sarmoya olishi nazarda tutilgan. 

Jonsonning tashabbusi Britaniya jamiyati va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. 2022 yil iyun oyida Britaniya rasmiylari 30 nafar noqonuniy muhojirni Ruandaga deportatsiya qilmoqchi bo‘lgan birinchi reys so‘nggi daqiqada Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarori tufayli bekor qilingan edi.

Mamlakatning amaldagi bosh vaziri Rishi Sunak 22 aprel kuni Britaniyadan deportatsiya qilingan muhojirlar bo‘lgan dastlabki reyslarni 2024 yil iyul oyida jo‘natishga va’da bergan edi.

Mavzuga oid